Behzod Bo‘ronboyev: "Issiqlik ta’minotida zamonaviy yechimlarga tayanyapmiz"
Issiqlik ta’minoti tizimining barqaror ishlashi, energiya resurslaridan oqilona foydalanish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish bugungi kunda sohaning muhim vazifalaridan hisoblanadi. Ayniqsa, energiyaga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotgan sharoitda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish va yoqilg‘i resurslarini tejash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Bu borada kogeneratsiya texnologiyalari alohida o‘rin tutadi. Ushbu texnologiya bir vaqtning o‘zida issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini berib, energiya resurslaridan samarali foydalanishga xizmat qiladi. Toshkent shahrida ham mazkur yo‘nalishda ishlar olib borilib, lokal va yirik quvvatli kogeneratsiya markazlarini tashkil etish bo‘yicha yangi loyihalar rejalashtirilmoqda.
Sohada joriy etilayotgan yangi texnologiyalar, erishilayotgan natijalar va istiqboldagi vazifalar xususida "Toshkent issiqlik markazi" direktori Behzod Bo‘ronboyev bilan suhbatlashdik.
– Avvalo, kogeneratsiya texnologiyasini joriy etishdan ko‘zlangan maqsad va uning issiqlik ta’minoti tizimidagi ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tsangiz. Bugungi kunda bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Kogeneratsiya texnologiyalarini joriy etish ikki asosiy yo‘nalishda olib borilmoqda. Birinchi yo‘nalish markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimining chekka nuqtalarida kichik quvvatli lokal kogeneratsiya markazlarini tashkil etish hisoblanadi. Ikkinchi yo‘nalish esa mavjud issiqlik markazlarida yirik quvvatli kogeneratsiya qurilmalarini o‘rnatishdan iborat.
Ushbu texnologiyaning asosiy afzalligi shundaki, bir vaqtning o‘zida ham issiqlik, ham elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin. Bu energiya resurslaridan samarali foydalanish, ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish va tabiiy gaz sarfini kamaytirish uchun muhim ahamiyatga ega.
Lokal kogeneratsiya markazlarini issiqlik ta’minoti tizimining chekka nuqtalarida tashkil etish energiya ishlab chiqarish imkoniyatlarini iste’molchilarga yaqinlashtirishga xizmat qiladi. Mavjud issiqlik markazlarida yirik quvvatli qurilmalarni joriy etish esa korxonalarning ishlab chiqarish salohiyatini oshirish imkonini beradi.
– Hozirga qadar kogeneratsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha qanday natijalarga erishildi? Ushbu qurilmalarning amaliyotga tatbiq etilishi qanday samara bermoqda?
– Bugungi kunda Toshkent shahrining Chilonzor, Olmazor va Sergeli tumanlarida uchta lokal kogeneratsiya markazi faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, "Toshkent issiqlik markazi" tarkibidagi 4-issiqlik markazida 100 megavatt quvvatga ega kogeneratsiya qurilmasi ishga tushirilgan va undan foydalanilmoqda.
Mazkur qurilmalarning ishga tushirilishi issiqlik energiyasi ishlab chiqarish bilan bir qatorda elektr energiyasi olish imkoniyatini ham yaratdi. Natijada issiqlik markazlarining faoliyati faqat issiqlik ishlab chiqarish bilan cheklanib qolmay, ikki turdagi energiyani birgalikda ishlab chiqarishni ham qamrab olmoqda.
Buning ahamiyati shundaki, energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish va tabiiy gazni tejash uchun qo‘shimcha imkoniyat paydo bo‘ladi. Shu bilan birga, kogeneratsiya qurilmalarining iqtisodiy samaradorligi ishlab chiqarish hajmi, yoqilg‘i sarfi va ekspluatatsiya xarajatlari kabi ko‘rsatkichlarga ham bog‘liq.
– Kelgusida kogeneratsiya markazlari tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha qanday rejalar belgilangan? Yangi loyihalar qaysi hududlarda amalga oshiriladi?
– Amaldagi tajribadan kelib chiqib, kogeneratsiya texnologiyalarini joriy etishning keyingi bosqichlari ham belgilab olingan. Xususan, Toshkent shahrining qolgan hududlarida yana yettita lokal kogeneratsiya markazini qurish va ishga tushirish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, yirik quvvatli kogeneratsiya stansiyalarini joriy etish ishlari ham davom ettiriladi. Rejaga muvofiq, Yashnobod tumanidagi 7-issiqlik markazi, Sergeli tumanidagi 8-issiqlik markazi hamda Zangiota tumanida joylashgan 9-issiqlik markazida kogeneratsiya stansiyalarini ishga tushirish ko‘zda tutilgan.
Ushbu uchta markazning har birida 100 megavatt quvvatga ega kogeneratsiya stansiyalarini joriy etish rejalashtirilgan. Bu loyihalarni amalga oshirish orqali issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatlarini yanada kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Albatta, yangi loyihalarni amalga oshirishda mavjud infratuzilmaning imkoniyatlari, texnologik talablar va iste’molchilar ehtiyojlarini hisobga olish muhim ahamiyatga ega.
– Umuman olganda, kogeneratsiya texnologiyalarini keng joriy etish issiqlik ta’minoti tizimi oldida turgan vazifalarni hal qilishda qanday o‘rin tutadi?
– Asosiy maqsadimiz energiya resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va iste’molchilarni barqaror energiya bilan ta’minlash. Buning uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bilan bir qatorda, mavjud uskunalardan samarali foydalanish va ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish ham muhim.
Kogeneratsiya texnologiyalari issiqlik ta’minoti tizimining imkoniyatlarini kengaytirish, energiya resurslarini tejash va ishlab chiqarish jarayonini yanada samarali tashkil etishga xizmat qiladi. Shu bois bu yo‘nalishdagi ishlarni izchil davom ettirish, yangi texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish va mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratyapmiz.
Kelgusida ham asosiy e’tibor energiya ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, resurslardan tejamkorlik bilan foydalanish va issiqlik ta’minoti tizimining barqarorligini mustahkamlashga qaratiladi.
O‘zA muxbiri
Nasiba Ziyodullayeva
suhbatlashdi.