Mahallabop dasturlar – taraqqiyot omili
Jizzax viloyatida aholining hayot sifatini oshirish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan dasturlar ijrosi tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi. Viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev rahbarligida o‘tgan yig‘ilishda “Tashabbusli byudjet” hamda mahallabop dasturlar doirasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi atroflicha tahlil qilinib, mavjud muammolar va ularni bartaraf etishning aniq mexanizmlari belgilab olindi.
Ta’kidlanganidek, fuqarolarning tashabbuslari asosida shakllantiriladigan va ovoz berish yo‘li bilan saralanadigan loyihalar mahallalarda ochiqlik, shaffoflik hamda jamoatchilik nazoratini ta’minlashning ta’sirchan vositasiga aylanmoqda. Bu yondashuv aholining davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish bilan birga, mahallaning eng dolzarb ehtiyojlarini manzilli hal etish imkonini ham bermoqda.
Shu kunga qadar “Tashabbusli byudjet” doirasida byudjet mablag‘lari hisobidan 1 trillion 100 milliard so‘m yo‘naltirilib, mingga yaqin loyiha moliyalashtirildi. Natijada viloyatdagi 241 ta mahalla fuqarolar yig‘inida yo‘l, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, ijtimoiy ob’ektlar va aholi turmushiga daxldor qator infratuzilma masalalari bosqichma-bosqich hal etildi.
Yig‘ilishda amaliy natijalar ham misollar orqali tahlil qilindi. Xususan, Sharof Rashidov tumanidagi “Xalqobod” mahalla fuqarolar yig‘ini “Tashabbusli byudjet” loyihalarida olti marta g‘olib chiqqan. Bu orqali mahalladagi barcha shag‘al va tuproq yo‘llar to‘liq ta’mirlanib, aholi uchun qulay transport muhiti shakllantirildi.

Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham alohida ko‘rib chiqildi. Bu borada Paxtakor tumanidagi “Bog‘ishamol” mahallasi tajribasi samarali model sifatida e’tirof etildi. Mahalladagi 100 ta xonadonga tomorqada issiqxona tashkil etish uchun imtiyozli kreditlar ajratilishi natijasida oilalarning yillik daromadi bir necha barobarga oshdi. Yetishtirilgan mahsulotlarning eksportga yo‘naltirilayotgani esa mahalla iqtisodiyotining barqaror o‘sishiga xizmat qilmoqda.
Shu munosabat bilan barcha shahar va tuman rahbarlariga har bir hududda daromad keltiradigan shunday loyihalarni ko‘paytirish, ayniqsa ishsiz yoshlar, harbiy xizmatdan qaytgan fuqarolar hamda ehtiyojmand oilalarni tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha tizimli ishlarni yanada jadallashtirish vazifasi yuklatildi.
Mazkur vazifalar mamlakatimizda qabul qilingan Prezidentimizning 2024-yil 23-sentyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar bilan hamohangdir. Mazkur qarorga muvofiq, eng og‘ir ahvoldagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash va daromad manbalarini kengaytirish bo‘yicha kompleks choralar amalga oshirilmoqda.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, aynan shu dastur doirasida viloyatning 58 ta og‘ir mahallasida aholi tomorqalarini suv va elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun 145 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Ushbu mablag‘lar evaziga suv inshootlari, nasos agregatlari, quduqlar, elektr tarmoqlari va transformatorlar barpo qilinib, mahallalarning muhandislik infratuzilmasini tubdan yaxshilashga xizmat qiluvchi muhim ob’ektlar ishga tushirildi.
Shu bilan birga, infratuzilmani energiya tejamkor texnologiyalar asosida rivojlantirish masalasi ham tanqidiy muhokama qilindi. Xususan, quduq va nasoslarni muqobil energiya manbalariga o‘tkazish ishlari kutilgan sur’atda emasligi qayd etildi. Bugungi kunga qadar mavjud inshootlarning atigi 16 tasida quyosh panellari o‘rnatilgani ta’kidlanib, barcha nasoslarni bosqichma-bosqich energiya tejovchi tizimlarga o‘tkazish bo‘yicha qat’iy vazifalar belgilandi. Buning uchun zarur kadastr hujjatlarini bir hafta muddatda rasmiylashtirish mas’ul tashkilotlarga topshirildi.
Yig‘ilishda “Yangi O‘zbekiston” qiyofasidagi mahallalarni shakllantirish hamda og‘ir toifadagi hududlarni rivojlantirish dasturlari ijrosiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ma’lum qilinishicha, mazkur yo‘nalishda 266 ta ob’ekt uchun 553 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

Qurilish ishlarining kechikishiga sabab bo‘layotgan omillar har tomonlama tahlil qilinib, buyurtmachi tashkilotlar hamda mahalliy hokimliklarga pudratchilarni tezkor aniqlash, barcha tashkiliy masalalarni qisqa muddatlarda hal etish va ob’ektlarni belgilangan muddatda foydalanishga topshirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish yakunida shahar va tuman hokimlari, soha rahbarlari hamda buyurtmachi tashkilotlar zimmasiga belgilangan vazifalar ijrosini so‘zsiz ta’minlash, har bir ob’ektda qurilish ishlarining sifati, muddati va mablag‘lardan samarali foydalanish ustidan doimiy nazorat o‘rnatish bo‘yicha qat’iy talablar qo‘yildi.
Mahallabop dasturlar, “Tashabbusli byudjet” va “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ijrosining uyg‘unligi hududlarni kompleks rivojlantirishning muhim omiliga aylanmoqda. Eng muhimi, bu jarayon mahallalarda infratuzilmani yaxshilash bilan cheklanmay, aholining doimiy daromad manbalarini kengaytirish, bandlikni ta’minlash va har bir xonadon farovonligini mustahkamlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri