Madaniy yodgorliklar tariximiz ko‘zgusidir
18-aprel – Xalqaro yodgorliklarni va tarixiy joylarni asrash kuni
Qadim va tarixiy obida va madaniy yodgorliklar o‘tmishni o‘zida mujassam etgan milliy qadriyatlarimiz namunasi, xalqimizning bebaho mulki hisoblanadi. Shu bois, ularni o‘rganish, muhofaza qilish, kelajak avlodga bus-butun yetkazish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bu borada Andijon viloyatida ham e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda.
– Ayni kunda viloyatimizda mahalliy, respublika ahamiyatiga molik 422 ta tarixiy va madaniy meros ob’ekti ro‘yxatga olingan, – deydi Andijon viloyati madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Abdushoyad Hamidov. – Ulardan 221 tasi arxeologik, 74 tasi me’moriy yodgorliklar, 42 tasi monumental san’at yodgorliklari, 85 tasi diqqatga sazovor joylar va ziyoratgohlardir. Madaniy meros ob’ektlarining 400 tasi davlat, 22 tasi xususiy mulk sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Bundan tashqari, bir qator ob’ektlar, ularga tutash hududlar obodonlashtirish, saqlash bo‘yicha investitsiya kiritish majburiyati bilan tadbirkorlik sub’ektlariga ijaraga berilgan.
Bugungi kunga kelib, mavjud tarixiy obida va madaniy yodgorliklarni asrab-avaylash, obodonlashtirish ishlari belgilangan chora-tadbir, rejalar asosida amalga oshirilmoqda. Jumladan, mutaxassislar ishtirokida viloyatdagi madaniy meros ob’ektlari ro‘yxati shakllantirilib, ularning elektron ma’lumotlar bazasi yaratildi.
Andijon viloyati madaniy meros boshqarmasi tomonidan mavjud 422 ta madaniy meros ob’ektining muhofaza hududlarini belgilash bo‘yicha loyihalar tayyorlanib, Agentlikka taqdim etildi. Barcha madaniy meros ob’ektlariga muhofaza belgilari o‘rnatildi. Ayrim ob’ektlardagi eskirgan muhofaza belgilarini yangilash bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.
Sohada o‘tkazilgan tahlillar, o‘rganishlar madaniy meros ob’ektlarini inventarizatsiyadan o‘tkazish, ularning chegaralarini belgilash, muhofaza va restavratsiya qilish borasida qilinadigan ishlar ko‘p.
Ana shundan kelib chiqib, viloyat madaniy meros boshqarmasi, viloyat prokuraturasi, tuman, shahar hokimliklari hamda mutasaddi tashkilotlar vakillaridan tuzilgan komissiya tomonidan Andijon shahri, Asaka, Shahrixon, Baliqchi, Marhamat, Qo‘rg‘ontepa tumanlaridagi qator ob’ektlarda tarixiy-madaniy ekspertiza o‘tkazildi, ulardan foydalanish holati o‘rganildi.
O‘rganishlar natijasida ayrim madaniy meros ob’ektlaridan foydalanish qoidalarining buzilishi, noqonuniy qurilmalar qurib olinishi singari holatlar aniqlandi. Qonunbuzilish holatlarini sodir etgan shaxslar hamda mutasaddiga nisbatan qonuniy chora ko‘rish uchun o‘tgan yili tuman, shahar sudlariga 4 ta da’vo arizasi kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan, Andijon shahridagi “Qa’la”, “Xitoy konsulxonasi” singari qator madaniy va tarixiy yodgorliklarda qurilish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Xalqimiz, milliy davlatchiligimiz tarixini o‘zida aks ettiruvchi, kelajak avlodlarga moziydan xabar beruvchi ziyoratgoh, arxeologik yodgorliklarni, tarixiy va madaniy obidalarni asrab-avaylash, obodonlashtirish, ularga yangi hayot baxsh etishga qaratilgan yuqoridagi kabi ishlar viloyatdagi qator ziyoratgohlarda ham olib borilmoqda.
Jumladan, keyingi yillarda Jalaquduq tumanidagi “Qutayba Ibn Muslim”, Xo‘jaobod tumanidagi “Imom ota”, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Bibi seshanba”, Xonobod shahridagi “Fozilmon ota”, Buloqboshi tumanidagi “Shirmonbuloq” ziyoratgohlarida, Andijon shahridagi “Jome” me’moriy majmuasi, “Nodirabegim”, Alisher Navoiy madaniyat va istirohat bog‘larida, “Ark ichi” yodgorlik muzeyida qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan “Dafn etish joylarini saqlash, ulardan foydalanish va qabr usti yodgorliklarini o‘rnatish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomining 53-bandida madaniy meros ob’ektlari (arxeologik obidalar) va ularning muhofaza zonalari hududlaridan qabriston uchun yer uchastkasi ajratish taqiqlanishi ko‘rsatib o‘tilgan.
[gallery-28820]
Biroq, bugungi kunda viloyatdagi 221 ta arxeologiya yodgorligining 60 tasi hududlaridan qabriston sifatida foydalanib kelinmoqda. Bundan tashqari, 50 dan ortiq arxeologiya yodgorligining muhofaza hududlaridan qishloq xo‘jaligi maqsadlarida foydalanilayotganligi achinarlidir. Bu kabi salbiy holatlar yodgorliklarga ziyon yetkazmoqda, ularning tarixiy ahamiyati yo‘qolishiga olib kelmoqda.
Andijon viloyati madaniy meros boshqarmasi tomonidan viloyat, tuman, shahar hokimliklari, mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda salbiy holatlarni bartaraf etish bo‘yicha zarur ishlar olib borilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, tarixiy obida va madaniy yodgorliklar qadim tariximiz ko‘zgusi sifatida yurtdoshlarimiz qalbida ona yurtga muhabbat, qadim o‘tmishimizdan faxr-iftixor tuyg‘usini mustahkamlashga, yosh avlodni tariximizga, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari.