Yoshlar uchun keng imkoniyatlar maydoniga aylangan ma’rifiy tadbir
Yoshlarni faol qo‘llab-quvvatlash, ularni rag‘batlantirish, bilim olishga bo‘lgan qiziqishi, intilishi va ishtiyoqini kuchaytirish mamlakatimizda kechayotgan tub ma’rifiy o‘zgarishlar jarayonida ustuvor o‘rin egallaydi.
Bu borada bugungi kunda hayotga joriy etilayotgan ezgu tashabbuslar yoshlarga oid muammolarni tezkorlik bilan hal etish, ularning hayotiga yangicha ma’no-mazmun bag‘ishlashda alohida ahamiyat kasb etmoqda. “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati yoshlar manfaatlarini ta’minlashga muhim hissa qo‘shib kelayotgan tuzilmalardan sanaladi.
“O‘zmilliybank” tomonidan Bekobod tumani yoshlari uchun keng qamrovli tadbir tashkil etildi. Ushbu aksiya ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy, ijtimoiy ahamiyat kasb etgani bilan diqqatga sazovor bo‘ldi.
"O‘zmilliybank" AJ va Toshkent viloyati Bekobod tumani hokimligi bilan hamkorlikda tumandagi Bog‘ishamol, Dalvarzin, Savrak va Qo‘rg‘on mahallalarida istiqomat qiluvchi yoshlar uchun maxsus dastur asosida tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida yoshlar Toshkent shahriga keldi. Ular uchun ma’naviy-ma’rifiy va amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan uchrashuvlar va ekskursiyalar uyushtirildi. Xususan, ishtirokchilar “Texnopark” majmuasida bo‘lib, zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, yaratilayotgan mahsulotlar hamda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan yaqindan tanishdi.
Ahamiyatlisi, yigit-qizlar shu yerning o‘zida ishga kirish istagini bildirib, so‘rovnomalar to‘ldirishdi. Majmuadagi xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, bu kabi “Texnopark” majmualarining mamlakatimiz iqtisodiy salohiyati, aholi bandligini ta’minlash, turmush farovonligini oshirish borasidagi ahamiyati haqida keng va to‘laqonli ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi va g‘oyasi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi yoshlar tashrif buyurgan navbatdagi manzil bo‘ldi. Tadbir ishtirokchilari mamlakatimizning boy ma’naviy merosi, buyuk allomalarimiz hayoti va ilmiy faoliyati haqida atroflicha ma’lumot oldi.
Bugun ushbu tabarruk va muhtasham maskan nainki Vatanimiz aholisi, balki jahon jamoatchiligining haqli hayrati va havasiga sabab bo‘lmoqda. «Dunyodagi eng yirik islom sivilizatsiyasi muzeyi» (Largest museum of Islamic civilization) deb e’tirof etilgan mazkur aziz maskan Ginnesning rekordlar kitobidan joy oldi. Ushbu fayzli go‘sha O‘zbekistonning qo‘hna tarixi, ona-diyorimizda kamolga yetgan va islom ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ allomalar, ularning ibratli faoliyati, ilmiy merosi, hidoyat mayog‘i bo‘lmish dinimizning tarixi, uning tinchlikparvar, insonparvar, ma’rifatparvar jihatlarini keng targ‘ib etuvchi dunyoda o‘xshashi yo‘q muborak dargoh sanaladi.
Markazda joriy etilgan sun’iy intellektga asoslangan interaktiv qurilmalar yoshlarga tarixni “jonli” his qilish imkonini yaratmoqda. Ular virtual gidlar, 3D modellar, multimediali taqdimotlar va interaktiv ekranlar orqali buyuk ajdodlarimizning hayot yo‘li, ilmiy izlanishlari va insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi bilan yaqindan tanishdi. Bunday innovatsion yondashuv yoshlarning sohaga qiziqishini yanada oshirdi.
Tadbirning asosiy qismi sifatida yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Unda “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati ishtirok etib, yoshlarning muammolari, ehtiyojlari va takliflari tinglandi.
Uchrashuv davomida yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish, imtiyozli kreditlar ajratish va doimiy daromad manbalarini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, bank tomonidan yoshlarga nafaqat moliyaviy ko‘mak, balki biznesni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy maslahatlar ham berib borilmoqda.
Shu bilan birga, “Kelajakka qadam” markazi tomonidan yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning biznes g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan imkoniyatlar taqdim etildi.
Aytish kerakki, “Kelajakka qadam” markazi bu oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirish va ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan maxsus tizim.
Ushbu markazlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi tegishli qarori asosida tashkil etilgan. Bitiruvchilarni mehnat bozoriga integratsiya qilish, ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish va “Karera kunlari”ni tashkil etish, talabalarning biznes loyihaлариni tayyor loyiha darajasiga keltirishda amaliy va konsultativ yordam berish, biznes g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash mazkur markazning asosiy maqsad va vazifalari sirasidan. Markazda bir necha turdagi imtiyozli kreditlar taklif etilishi bilan birga, bu yerda “Smart akademiyasi” doirasida yoshlarni raqamli bilimlar va zamonaviy texnologiyalarga o‘qitish imkoniyati ham mavjud.
Interaktiv muloqot jarayonida bir qator yoshlar o‘z g‘oya va rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Bir qator yoshlar bank ko‘magi orqali tikuvchilik, payvandlash va boshqa yo‘nalishlarda daromadli faoliyat boshlaganliklari haqida o‘z tajribalarini taqdim etdi.
Tadbir yakunida 11 nafar faol va tashabbuskor yoshlar rag‘batlantirilib, ularga daromadli biznes boshlashlari uchun bank tomonidan asbob-uskuna va dastgohlar topshirildi.
Mazkur ma’rifiy tadbir yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik salohiyatini oshirish va jamiyatda faol ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.
[gallery-28824]
“O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati bundan buyon ham yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish va barqaror daromad manbalarini yaratishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettiradi. Bularning barchasi mamlakatimizda yoshlar davlat va jamiyatning doimiy e’tiborida ekanining amaliy namunasidir.
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA