Madaniy-tarixiy yodgorliklar – o‘lmas merosimiz
18-aprel – Yodgorliklarni va tarixiy joylarni asrash xalqaro kuni munosabati bilan “Mingtepa-madaniy meros” jamoat fondi, Marhamat tumani hokimligi, Andijon viloyati madaniy meros boshqarmasi, Qo‘qon universiteti Andijon filiali hamda boshqa qator tashkilotlar hamkorligida qadim yodgorliklar va tarixiy joylarni, buyuk ajdodlarimiz merosini asrab-avaylash, ularning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini targ‘ib etish, turizmni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan “Madaniy-tarixiy yodgorliklar – o‘lmas merosimiz” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tarixchi olimlar, ijodkorlar, madaniy meros ob’ektlarini asrash va turizm yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan muassasalar mutasaddilari, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, umumta’lim maktablari tarix fani o‘qituvchilari, keng jamoatchilik vakillari, talaba va o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.

Dastlab, ishtirokchilar va mehmonlar tuman markazidagi “Mingtepa” muzeyi faoliyati, “Ma’naviyat bog‘i”da tashkil etilgan qadim Davon davlati davriga oid eksponatlar, mavzu doirasida chop etilgan kitoblar, musavvirlik, hunarmandchilik asarlari ko‘rgazmalari bilan tanishdi.

Anjuman ochilishida Marhamat tumani hokimi o‘rinbosari Abdurahim Mahammatov, “Mingtepa-madaniy meros” jamoat fondi vasiylik kengashi raisi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shahlo Husanova yurtimizning tarixiy yodgorliklari va ziyoratgohlarini asrash, obodonlashtirish, ular haqida aholi, ayniqsa, yoshlarga keng tushuncha va bilimlar berish, ichki turizmni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, xususan, an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan ushbu anjuman mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qilayotganligini ta’kidladi.

– Anjumanni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad, nafaqat tumanimiz, viloyatimizdagi, balki respublikamizdagi tarixiy yodgorliklarni asrab-avaylash, ana shu joylarni obodonlashtirishga keng jamoatchilik, xalqimizning e’tiborini qaratish hamda ular orqali turizmni yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan, – deydi “Mingtepa-madaniy meros” jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Shahlo Husanova. – Qolaversa, bu boradagi targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, aholi, xususan, yoshlarning tarixiy yodgorliklar va muqaddas qadamjolar haqidagi bilim va tushunchalarini yuksaltirish orqali ularda qadim tariximizga, ona Vatanga muhabbat tuyg‘ularini mustahkamlashdan iborat.
Anjumanda Andijon davlat universiteti professori Soyibjon Hoshimovning “Tarixiy manbalarda qadim Davon davlati shaharlari haqida”, Andijon davlat texnika instituti professori Ulug‘bek Abdullayevning “Jalaquduq tumanidagi “Dalvarzin” arxeologiya yodgorligining vodiy shaharsozlik tarixidagi o‘rni”, Farg‘ona davlat universiteti dotsenti Alisher Alioxunovning “Farg‘ona vodiysining bronza va ilk temir davri tarixi”, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti dotsenti Gulnoraxon Valixonovaning “Qadim Davan davlatida ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayot”, Qo‘qon universiteti Andijon filiali katta o‘qituvchisi Buxajal Yunusovaning “Qadim Davan davlati tarixiga oid ma’lumotlar” mavzusidagi ma’ruzalari tinglandi.

Shundan so‘ng madaniy meros ob’ektlarining ahamiyati, ularni targ‘ib etish va ular bazasida turizmni rivojlantirish borasida “Mingtepa-madaniy meros” jamoat fondi tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida fond rahbari Ortiqali Husanov ma’lumot berdi. Anjuman doirasida “Madaniy-tarixiy yodgorliklar – xalqimizning o‘lmas merosi va turizmni rivojlantirish ob’ektlari” mavzusida o‘tkazilgan tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda olim va ijodkorlar, o‘qituvchi va talabalar o‘zlarining ijodiy ishlari, badiiy va tasviriy san’at asarlari, ilmiy maqolalari bilan ishtirok etdi.
– Tanlovda Davan davlati tarixi hamda turizm targ‘ibotiga oid haykaltaroshlik asarlarim bilan ishtirok etdim. Asarlarim yuqori baholanib, tanlovning “Yodgorliklar, tarixiy joylar va turizm targ‘ibotiga oid eng yaxshi hunarmandchilik, haykaltaroshlik asari” nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblar qatoridan o‘rin oldim. Qadim tariximizni haykallar orqali jonlantirish, tarixiy yodgorliklarni targ‘ib etishdek xayrli ishga hissa qo‘shayotganimdan behad xursandman, – deydi restavrator, haykaltarosh Alisher Ummatov.
Yakunda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha g‘olib, sovrindor va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri.