Qalblarni yaqinlashtiruvchi ma’naviyat maskani
Qadimiy va hamisha navqiron Buxoro yana bir bor o‘zining betakror jozibasi, yuksak ma’naviy muhiti va mehmondo‘stligi bilan xalqaro mehmonlarni qarshi oldi.
Asrlar davomida ilm-fan, ma’rifat va tasavvuf markazlaridan biri bo‘lib kelgan bu muqaddas zamin bu gal Turkiya Respublikasidan tashrif buyurgan 129 nafar tariqatchi ziyoratchilarni bag‘rikenglik bilan kutib oldi. Ular yurtimizga muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish, ulug‘ ajdodlarimiz qoldirgan boy ma’naviy meros bilan yaqindan tanishish hamda Buxoroning ruhiy muhitini his etish maqsadida keldi.

Ziyorat davomida mehmonlar Buxoroning ko‘hna ko‘chalari, tarixiy obidalari va muqaddas maskanlarini ziyorat qilib, bu yerda yashab o‘tgan buyuk allomalar, muhaddislar, mutafakkirlar va avliyolar hayoti hamda ilmiy merosi bilan tanishdi. Har bir ziyoratgoh, har bir tarixiy qadamjo mehmonlarda chuqur taassurot qoldirib, ularga ma’naviy ozuqa bag‘ishladi.
Ziyoratchilar uchun viloyatning muqaddas joylariga sayohatlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar va uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Bu jarayonda mehmonlar xalqimizning urf-odatlari, milliy qadriyatlari, mehmondo‘stlik an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lmoqdalar. Shu bilan birga, o‘zaro muloqot va tajriba almashuvlar orqali ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar yanada mustahkamlanmoqda.

Ma’lumki, Buxoro azaldan islom olamining muhim markazlaridan biri sifatida e’tirof etilgan. Imom Buxoriy, Bahouddin Naqshband, Abduxoliq G‘ijduvoniy kabi buyuk zotlar nomi bilan shuhrat qozongan bu tabarruk zamin bugun ham dunyoning turli burchaklaridan kelayotgan ziyoratchilarni o‘ziga chorlamoqda. Bu esa shaharning nafaqat tarixiy ahamiyati, balki hozirgi kunda ham yuksak ma’naviy qiymatga ega ekanini anglatadi.
Bunday tashriflar Buxoroning xalqaro ziyorat turizmi salohiyatini yanada oshirish, uning nufuzini yuksaltirish va jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, bunday muloqotlar turli millat vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va hamjihatlik tuyg‘ularini kuchaytiradi.

Buxoro bugun ham o‘zining qadimiy shukuhi, boy tarixi va yuksak ma’naviyati bilan insonlarni birlashtiruvchi maskan bo‘lib qolmoqda. Turkiyalik ziyoratchilarning bu tashrifi esa Buxoroning qalblarni yaqinlashtiruvchi, do‘stlik rishtalarini mustahkamlovchi muqaddas shahar ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Zarif Komilov, O‘zA