Tabiat boyliklari hech kimning shaxsiy mulki emas
Tabiatga yetkazilgan zararni pul bilan hisoblash mumkin, ammo yo‘q qilingan daraxtning o‘rnini bir zumda to‘ldirib bo‘lmaydi.
Ayniqsa, ekologik jihatdan muhim hudud hisoblangan Bo‘stonliqda har bir daraxtning qadri yanada baland. Shu bois bu kabi holatlarga o‘z vaqtida va qat’iy huquqiy baho berilishi tabiatni asrashning eng muhim shartlaridan biridir.
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida aniqlangan holat ham bugun daraxtlarni muhofaza qilish masalasiga jiddiy yondashish qanchalik muhim ekanini ko‘rsatmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Bo‘stonliq tumani hududida daraxtlar qo‘porib tashlangani haqida xabar tarqalganidan so‘ng, holat Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi hamda Bo‘stonliq tuman bo‘limi Ekologiya politsiyasi xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan o‘rganildi.
O‘rganish davomida “G‘azalkent” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Y.D.” MCHJ tomonidan 2 gektar yer maydonida jami 586 tup daraxt noqonuniy ravishda, ildizi bilan qo‘porib tashlangani aniqlandi.

Eng achinarlisi, qo‘porilgan daraxtlar orasida qimmatli turlar ham bor. Xususan, 9 tup do‘lana, 3 tup archa, 3 tup tog‘ olchasi hamda 571 tup uchqat daraxti yo‘q qilingan.
Ma’lum qilinishicha, mazkur holat yuzasidan tadbirkorga bir necha bor qonuniy talablar bildirilgan. Biroq, u belgilangan talablarga bo‘ysunmasdan, nazorat tadbirlariga qarshilik ko‘rsatishga uringan.
Shundan so‘ng Ekologiya politsiyasi tomonidan huquqbuzarlikka chek qo‘yildi. Maxsus texnikalar yordamida tuproq ostida qolgan daraxtlar ham chiqarib olindi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 1 milliard 705 million 660 ming so‘mni tashkil etgan.
Bu raqam faqat moddiy zararni ifodalaydi. Aslida esa yuzlab daraxtlarning yo‘q qilinishi hududdagi yashil qoplam, havo sifati, tuproq holati va ekologik muvozanatga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Hozirda holatga huquqiy baho berish va aybdorlarga nisbatan tegishli chora ko‘rish maqsadida to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilishi rejalashtirilgan.
Bir necha yilda voyaga yetadigan daraxtni bir necha daqiqada yo‘q qilish mumkin. Ammo uning o‘rnini tiklash, tabiatga yetkazilgan zararni qoplash va ekologik muvozanatni qayta tiklash ancha ko‘proq vaqt va mablag‘ talab etadi. Zero, tabiat boyliklari hech kimning shaxsiy mulki emas.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA