Ko‘krak suti — bebaho xazina
Dunyoda farzand uchun ona sutidan bebaho ne’mat yo‘q. Uning o‘rnini hech qanday sun’iy ozuqa to‘liq bosa olmaydi. Ona suti go‘dak salomatligini saqlash va uning barkamol rivojlanishida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Biroq so‘nggi vaqtlarda ayrim yosh onalar tomonidan sun’iy ichimliklarga ustuvorlik berish holatlari kuzatilmoqda. Albatta, ular ma’lum darajada foydali bo‘lishi mumkin, ammo ona sutining o‘rnini hech bir mahsulot almashtira olmaydi. Bu ilmiy tadqiqotlar bilan ham tasdiqlangan. Shu bois mazkur yo‘nalishdagi targ‘ibot va tushuntirish ishlarini yanada kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Sayxunobod tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 24-sonli oilaviy poliklinikada o‘tkazilgan navbatdagi seminarning asosiy mavzusi ham go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarni ona suti bilan oziqlantirish masalalariga qaratildi. Tadbirda oilaviy poliklinika shifokorlari, patronaj hamshira va doyalar, xotin-qizlar faollari hamda yosh onalar ishtirok etdilar. Asosiy e’tibor go‘daklar salomatligini mustahkamlash, onalar o‘rtasida to‘g‘ri ovqatlantirish madaniyatini shakllantirish hamda ilmiy asoslangan tavsiyalarni amaliyotga tatbiq etish masalalariga qaratildi.

Mutaxassislar tomonidan chaqaloq hayotining ilk oylarida to‘g‘ri ovqatlantirishning hal qiluvchi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 6 oygacha bolani faqat ona suti bilan oziqlantirish uning immunitetini mustahkamlash, kasalliklarga chidamliligini oshirish va barkamol rivojlanishini ta’minlashda eng muhim omil ekani ta’kidlandi.
Seminar davomida Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-sentabrdagi “Go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarni ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar — ona suti bilan oziqlantirishni keng targ‘ib qilish, sun’iy ovqatlantirishni cheklash, tibbiyot xodimlari mas’uliyatini oshirish hamda aholi orasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
– Ayrim yosh onalarda sun’iy ovqatlantirishga moyillik kuzatilmoqda, – dedi 24-sonli oilaviy poliklinika mudiri Saltanat Karimova. – Biroq olib borilayotgan tushuntirish ishlari shuni ko‘rsatmoqdaki, ona suti bola uchun eng tabiiy, xavfsiz va to‘laqonli ozuqa hisoblanadi. U nafaqat immunitetni mustahkamlaydi, balki ko‘plab kasalliklarning oldini oladi. Shu bois bu yo‘nalishdagi targ‘ibot ishlari yanada kuchaytirilmoqda.

Tadbir ishtirokchilari Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori sog‘lom avlod tarbiyasi, demografik barqarorlik va tibbiy madaniyatni yuksaltirishda muhim huquqiy hamda amaliy asos bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladilar. Shuningdek, bunday o‘quv-amaliy seminarlarning muntazam tashkil etilishi qaror ijrosi samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
– To‘g‘risi, ona suti bolani ko‘plab xavfli kasalliklardan himoya qiluvchi ilk “vaksina” hisoblanadi, – dedi Saltanat Karimova. – Biroq dunyo bo‘yicha olti oygacha bolani faqat ona suti bilan oziqlantirish ko‘rsatkichi atigi 48 foizni tashkil etmoqda. Bu esa qoniqarli holat emas, albatta. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor: ayrim hollarda go‘zallikka oid noto‘g‘ri tushunchalar, boshqalarida esa muddatidan oldingi homiladorlik holatlari.
Seminarda onalar va oilalar bilan tushuntirish ishlarini kuchaytirish, emizikli ayollar salomatligini muhofaza qilish hamda ona-bola o‘rtasidagi uzilishlarning oldini olish zarurligi ta’kidlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri