Ilmiy klaster va raqamli transformatsiya – Yangi O‘zbekiston oliy ta’limi taraqqiyoti garovi
Bugungi kunda jahon taraqqiyoti shuni ko‘rsatmoqdaki, mamlakatlarning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishi ilm-fan salohiyati, innovatsion yondashuv darajasi bilan chambarchas bog‘liq. Bilimga asoslangan iqtisodiyot sharoitida ilmiy tadqiqot va yangi texnologiya raqobatbardoshlikning muhim omiliga aylanmoqda. Shu bois Yangi O‘zbekistonda oliy ta’lim, fan va innovatsiya tizimini rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Xususan, joriy yil 10-aprelda qabul qilingan Prezident farmoni mazkur sohada yangi bosqichni boshlab beruvchi muhim hujjat sifatida e’tirof etilmoqda.
Farmonning ilmiy-tadqiqot yo‘nalishidagi eng muhim jihati ilmiy klaster tizimini joriy etish orqali fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirishga qaratilganidir. Ilmiy klaster orqali milliy tadqiqot universitetlari, mahalliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalari, ixtisoslashgan tashkilotlar hamda real sektor vakillarini yagona tizimga birlashtirish nazarda tutilgan. Umuman, bu tashabbus ilmiy g‘oyalarni amaliy natijaga aylantirish, innovatsiyani tijoratlashtirish va ilmiy ishlanmalarni iqtisodiyotga joriy etish imkoniyatini sezilarli darajada kengaytiradi.
Farmonda belgilangan “O‘zbekistonning global ilg‘or universitetlari” dasturi doirasida milliy tadqiqot universitetlari maqomini berish tartibi joriy etilishi ilmiy salohiyatni oshirishning muhim mexanizmi sifatida namoyon bo‘ladi. Bunday yondashuv sog‘lom raqobat muhitini shakllantiradi, oliy ta’lim muassasalarining xalqaro reytinglardagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi hamda ilmiy tadqiqot sifatini yangi bosqichga olib chiqadi.
Shuningdek, ilmiy tadqiqotni moliyalashtirishning natijaga yo‘naltirilgan tizimini joriy etish belgilangani ham e’tiborga loyiq. Endi ustuvor yo‘nalishlar asosida amalga oshiriladigan ilmiy loyihalar tanlovining kamida 50 foizi aynan strategik muhim tadqiqotga yo‘naltiriladi. Shu tariqa ilm-fan fragmentar emas, balki tizimli ravishda rivojlanadi. Eng muhimi, moliyalashtirish loyihalarning real samaradorligi bilan bevosita bog‘lanmoqda. Demak, bundan buyon ilmiy izlanish sifatiga nisbatan talab keskin oshadi.
Mazkur farmonning yana bir muhim jihati ilmiy faoliyatga zamonaviy texnologiya, xususan sun’iy intellekt vositalarini bosqichma-bosqich joriy etishga qaratilganida ko‘rinadi. Ilmiy loyihani ekspertizadan o‘tkazish jarayonida SIdan foydalanish ilmiy baholash tizimining shaffofligi, xolisligi va tezkorligini sezilarli darajada oshiradi. Shu bilan birga raqamli ta’lim va ilmiy infratuzilmani izchil rivojlantirish orqali yagona axborot tizimini shakllantirish ustuvor vazifa etib belgilangani izlanish samaradorligini yangi bosqichga olib chiqadi.
Ayni transformatsion jarayonida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti mamlakatimizda sharq tillari, madaniyati va tarixini chuqur o‘rganishga ixtisoslashgan yetakchi ilmiy-ta’lim markazlaridan biri sifatida alohida o‘rin tutadi. Ushbu ta’lim dargohida shakllangan ilmiy maktab an’anasini saqlab qolgan holda, zamonaviy raqamli va innovatsion yondashuv bilan boyitish, yosh tadqiqotchilarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish hamda ilmiy-innovatsion muhitni yanada yaxshilash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Universitet tarkibida faoliyat yuritayotgan ilmiy markazlar, xususan Sharq madaniyati va merosini tadqiq etish ilmiy-tadqiqot markazi zamonaviy ilmiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini amaliyotga tatbiq etishda muhim o‘rin egallagan. Markaz faoliyati doirasida sharq xalqlarining boy madaniy merosi, qo‘lyozma manbalari, tarixiy-adabiy va falsafiy asarlarini tizimli o‘rganish, zamonaviy ilmiy metodologiya asosida tahlil qilish hamda xalqaro ilmiy muomalaga kiritish bo‘yicha izchil tadqiqot olib borilmoqda. Ayniqsa, izlanishlarni raqamli texnologiya bilan integratsiya qilish orqali natijaning ochiqligi va ommabopligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
So‘nggi yillarda markaz huzurida amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalar mazmunan an’anaviy sharqshunoslik yo‘nalishlarini rivojlantirish barobarida raqamli transformatsiya jarayoni bilan uyg‘unlashtirishga ham xizmat qilmoqda. Jumladan tarixiy qo‘lyozmalarni o‘rganish va raqamlashtirish, elektron platformalar yaratish, shuningdek madaniy merosni 3D modellashtirish asosida virtual muhitda namoyish etish kabi loyihalar ilm-fan rivojining zamonaviy tendensiyalariga to‘liq mos keladi. Shu tariqa ilmiy tadqiqotlarning samaradorligini oshirish, natijani ta’lim jarayoni bilan uyg‘unlashtirish imkonini ham kengaytirmoqda.
Darvoqe, ilmiy loyihalarda yosh tadqiqotchilar faol ishtiroki ta’minlanayotgani ularning ilmiy salohiyatini rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda. Ilmiy jamoalar tarkibida faol ishlayotgan talabalar, magistrantlar va doktorantlarda izlanish metodologiyasini amaliy jarayon orqali o‘zlashtirish, manba bilan ishlash, tahlil va natijani tizimlashtirish ko‘nikmasini shakllantirish imkonini bermoqda. Shuningdek, universitet va ilmiy-madaniy markazlar o‘rtasidagi hamkorlik kengayib borayotgani ham faoliyat samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Umumiy loyihalar doirasida yosh olimlar ilmiy-amaliy jarayonga jalb etilib, tarixiy-madaniy merosni zamonaviy yondashuv asosida o‘rganish va targ‘ib etish bo‘yicha muhim tajriba to‘plamoqda.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joiz, yuqorida aytib o‘tilgan Prezident farmoni asosida ilmiy tadqiqotlarni natijadorlikka yo‘naltirish hamda moliyalashtirishning samarali mexanizmini shakllantirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Shu bilan birga sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni ilmiy faoliyatga keng joriy etish, yagona axborot ekotizimini yaratish orqali ilmiy boshqaruv shaffofligi va samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan. Natijada ilm-fan va innovatsiya mamlakat taraqqiyotining asosiy drayveriga aylanib, O‘zbekistonning global ilmiy makondagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Behzodjon Zokirov,
TDSHU Sharq madaniyati va merosini tadqiq etish
ilmiy-tadqiqot markazi direktori