Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash uslubiyoti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi
Qonun ustuvorligini ta’minlashning asosiy mezoni har bir detalga chuqur yondashishdir. Xususan, bunda mulkka doir tartiblar ham muhim ahamiyatga ega.
Adliya vazirligi Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash uslubiyotini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
2026-yilning 25-iyunida imzolangan mazkur hujjat ko‘chmas mulk ob’ektlarining bozor narxiga yaqin qiymatini aniqlashning yagona tartibini belgilaydi.
Unga ko‘ra ko‘chmas mulk ob’ektlari ko‘p kvartirali uylardagi turar joylar, yakka tartibdagi turar joylar va noturar ob’ektlar guruhlariga ajratiladi.
Baholashda ko‘chmas mulk bozori ma’lumotlari, bitimlar, e’lonlar va boshqa narxga ta’sir qiluvchi omillar hisobga olinadi.
Hududlar bozor narxlaridan kelib chiqib narx zonalariga ajratiladi hamda namunaviy ob’ektlar (etalonlar) asosida qiymat aniqlanadi.
Ob’ektlarning qiymati qiyosiy, xarajat yoki daromad yondashuvlari orqali hisoblanadi.
Qiymatni aniqlashda qurilgan yili, qurilish materiali, maydoni, qavati, joylashuvi va ta’mirlanganlik holati kabi omillar inobatga olinadi.
Ommaviy baholash natijalari Kadastr agentligining rasmiy veb-sayti va axborot tizimlarida e’lon qilinadi.
Mulkdorlar kadastr raqami orqali o‘z ob’ektining qiymati bilan tanishishlari mumkin bo‘ladi.
Baholash natijalari 90 kun davomida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi hamda mulkdorlar taklif va e’tirozlarini bildirishi mumkin.
Baholash natijalaridan norozi bo‘lgan shaxslar vakolatli organ yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Mazkur hujjat ko‘chmas mulk ob’ektlarining qiymatini bozor tamoyillari asosida adolatli va shaffof aniqlashga xizmat qiladi.
Sherbek Islomov, O‘zA