Faol va iqtidorli yoshlar taqdirlandi
“INNO” innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparkida 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Innovatsion rivojlanish agentligi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, oliy ta’lim tashkilotlari rektorlari va professor-o‘qituvchilari, shuningdek, bir qator vazirlik va idoralar vakillari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan “Akademik harakatchanlik” dasturi, “Bo‘lajak olim”, “Kelajak muhandislari”, “Mirzo Ulug‘bek vorislari” hamda boshqa respublika miqyosidagi ilmiy-innovatsion tanlovlar, olimpiadalar, festivallar va musobaqalarda yuqori natijalarga erishgan, innovatsion tashabbuslari bilan ajralib turgan 21 nafar iqtidorli yosh “Innovatsion g‘oyalar yetakchisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Mazkur marosim yoshlarning ilmiy izlanishlari, innovatsion g‘oyalari va amaliy loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni yangi marralar sari ruhlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Darhaqiqat, ilm-fan, innovatsiya va yaratuvchanlik yo‘lida izlanayotgan yoshlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosiy tayanchi va kelajak bunyodkorlaridir.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA