Kimyo sohasi olimlari fikr almashdi
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti litseyida akademik Hamdam Usmonov tavalludining 110 yilligiga bag‘ishlangan “Tabiiy va sintetik polimerlar kimyosi sintezi, xossalari va texnologiyasi: dolzarb muammolar va istiqbollar” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti olimlaridan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Termiz davlat universiteti olimlari ham ishtirok etdi.

X.Usmonov atoqli o‘zbek kimyogari sifatida respublikada kimyo fanining bir qator ilmiy-tadqiqot muassasalariga rahbarlik qilgan, ko‘plab fan doktorlari va fan nomzodlaridan iborat shogirdlar maktabini yaratgan. Bu ilmiy meros bugun ham tabiiy va sintetik polimerlar kimyosi hamda texnologiyasi rivojiga xizmat qilmoqda.
Anjumanda tabiiy va sintetik polimerlarni sintez qilish, ularning tuzilishi va xossalarini o‘rganish hamda qayta ishlash texnologiyalarini takomillashtirishga oid ilmiy natijalar muhokama qilindi.

– Mazkur tadbir akademik Hamdam Usmonovning ilmiy merosini e’zozlash va polimerlar kimyosidagi tadqiqot an’analarini davom ettirishga xizmat qiladi, – deydi Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti Ilmiy-tadqiqotlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor To‘lqin Nurmurodov. – Anjumanda tabiiy va sintetik polimerlar, kompozit hamda nanokompozit materiallar bo‘yicha tajriba almashish, mahalliy xomashyodan samarali foydalanish va polimer chiqindilarini qayta ishlash yechimlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, resurs va energiya tejamkor texnologiyalarni rivojlantirish, yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish hamkorligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

Anjumanda istiqbolli tadqiqot yo‘nalishlarini belgilash, amaliy tavsiyalarni shakllantirish hamda qo‘shma ilmiy va texnologik loyihalar uchun hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro fikr-mulohazalar bildirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri