Keng qamrovli islohot: ta’limda kasbiy rivojlanish
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti tomonidan “Ta’limda uzluksiz kasbiy rivojlantirishning dolzarb muammolari, yechim va istiqbol” mavzusida forum o‘tkazildi.
Anjumanda O‘zbekiston va xorijiy davlatlardan vazirlik va xalqaro tashkilotlar mas’ullari, ekspertlar, pedagoglar hamda ta’lim sohasi mutaxassislari ishtirok etdi. Xususan, Britaniya Kengashi, UNESCO, UNICEF, GIZ, JICA, Jahon banki va Shveysariyaning ta’lim loyihalari vakillari qatnashdi.
Tadbirda pedagoglarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish yo‘lida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Ta’kidlanganidek, 2025-2026 o‘quv yilida “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlari asosida 72 soatlik o‘quv dasturlari joriy etildi.
Respublika bo‘yicha 1 550 tayanch maktabi belgilanib, 292 master-trener hamda 3 901 mentor o‘qituvchi tayyorlandi. Kaskad usulida tashkil etilgan mashg‘ulotlar orqali 351 000 dan ortiq fan o‘qituvchisi zamonaviy metodika va yondashuv asosida malaka oshirish jarayoniga jalb etildi.
Shuningdek, pedagoglar uchun 11 tomdan iborat o‘quv qo‘llanmalari to‘plami ishlab chiqildi.
Ta’lim jarayoniga sun’iy intellektni keng joriy etish, pedagogik yondashuvni yangilash va milliy hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Master-trener, mentor va yetakchi o‘qituvchilar ishtirokida fokus-guruh muhokama guruhlari, amaliy mashg‘ulotlar hamda tajriba almashinuvi tashkil etildi. Mutaxassislar tomonidan uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Taqdirlash marosimida Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova qatnashib, tizimda olib borilayotgan islohotlar, kelgusidagi vazifalar haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, tadbirlarda faol ishtirok etib, samarali faoliyat yuritgan bir guruh pedagoglar “Xalq ta’limi a’lochisi” va "Xalq ta’limi fidoyisi" ko‘krak nishonlari, tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/KSWSHNQmhEI?si=krUgetpLUFGsgKOk" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Musulmon Ziyo,
Ulug‘bek To‘xtayev (video),
O‘zA