Kadastr xizmatlarida 619 nafar xodim jazolandi
Aholiga davlat xizmatlarini sifatli va o‘z vaqtida ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida Kadastr agentligi tomonidan xizmat ko‘rsatish jarayonlari ustidan nazorat kuchaytirilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, kadastr xizmatlarini ko‘rsatishda belgilangan muddatlarni buzish hamda fuqarolarga asossiz rad javobini berish holatlariga yo‘l qo‘ygan 619 nafar mutaxassisga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy choralar qo‘llanilgan.
Xususan, 345 nafar xodimga hayfsan berilgan, 242 nafar xodimga oylik ish haqining 10–30 foizi miqdorida jarima qo‘llanilgan, 22 nafar xodim ogohlantirilgan. Shuningdek, 7 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda qonuniylik, shaffoflik va tezkorlikni ta’minlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Shu munosabat bilan sohada xizmat intizomini mustahkamlash, murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish hamda fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan nazorat tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA