Armaniston delegatsiyasi O‘zbekistonning raqamli huquqiy yechimlarini o‘rgandi
Bugungi kunda raqamli texnologiyalarni huquqiy sohada keng qo‘llash, huquqiy axborotdan tezkor va qulay foydalanish imkoniyatlarini yaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois zamonaviy "LegalTech" yechimlarini joriy etish va ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish sohani rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Armaniston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Ofitsialnыye vedomosti” YOAJ delegatsiyasining “Adolat” milliy huquqiy axborot markaziga amaliy tashrifi doirasida o‘tkazilgan qator uchrashuv va taqdimotlar ham shu maqsadga qaratildi.

Tadbirlar davomida delegatsiya a’zolari sun’iy intellektga asoslangan Lex.ai, “Yurxizmat” platformasi hamda Bola huquqlari portali kabi zamonaviy raqamli huquqiy yechimlar bilan tanishdi. Shuningdek, Armaniston vakillari huquqiy axborotni tarqatish va nashr etish sohasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashib, ikki mamlakatda huquqiy axborot tizimlarini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Tashrifning ikkinchi qismida delegatsiya Adliya vazirligida Huquqni qo‘llash departamenti rahbariyati bilan uchrashdi. Muloqotda huquqiy axborot tizimlarini takomillashtirish, elektron platformalarni rivojlantirish va ilg‘or tajribani joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif yakunida mehmonlar vazirlik va muzey faoliyati bilan tanishdi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA