Jahon banki O‘zbekistonda yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi
Mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarni izchil davom ettirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lida xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Bu borada Jahon banki bilan amaliy muloqotlar va yangi kelishuvlar yurtimiz taraqqiyoti uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqotda shu haqda so‘z bordi.
Jahon banki guruhi va Xalqaro valyuta jamg‘armasining yillik bahoriy yig‘ilishlari doirasida tashkil etilgan uchrashuvda mamlakat iqtisodiyotidagi joriy holat, iqtisodiy o‘sish sur’atlari, inflyatsiya darajasi, tashqi sektor ko‘rsatkichlari hamda byudjet siyosati yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, o‘rta muddatli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish istiqbollari ham muhokama qilindi.
Uchrashuvda ta’lim, sog‘liqni saqlash, energetika, suv ta’minoti, qishloq xo‘jaligi va transport sohalarida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar ushbu loyihalar samaradorligini yanada oshirish, moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish va yangi tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Shu bilan birga, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar tadbirkorligi va yoshlar tashabbuslarini rag‘batlantirish, raqamli transformatsiya va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi. Xususan, sun’iy intellekt elementlarini iqtisodiyot va boshqaruv tizimiga tatbiq etish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.
Vazirlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, muloqot doirasida qator muhim investitsiya loyihalari bo‘yicha bitimlar imzolandi.
Jumladan, “Bishkek-Dushanbe-Termiz” xalqaro avtomobil yo‘lining M41 uchastkasida qariyb 97 kilometr yo‘lni rekonstruksiya qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Loyiha asosida yo‘l zamonaviy xalqaro standartlarga mos ravishda qayta qurilib, to‘rt polosagacha kengaytiriladi, ko‘priklar va yo‘l o‘tkazgichlar barpo etiladi.
Energetika sohasida ham muhim qadamlar tashlandi. “REMIT” dasturi doirasida yangi 220 kV elektr uzatish liniyalarini qurish va podstansiyalarni modernizatsiya qilish bo‘yicha hujjatlar imzolandi. Bu, ayniqsa, Farg‘ona vodiysida elektr ta’minoti barqarorligini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, “FINGROW” loyihasi natijasida kichik va o‘rta biznes sub’ektlarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, kafillik mexanizmlarini joriy etish hamda “yashil” va energiya samarador loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishuvlar rasmiylashtirildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar strategik hamkorlikni yanada kengaytirish, investitsiyaviy loyihalarni faollashtirish va O‘zbekistonda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA