Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslarga moddiy yordam pullari moliyalashtirildi
Aholini ijtimoiy himoya bilan qamrab olish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilib borayotgani sir emas.
Ayniqsa, og‘ir jismoniy yoki ruhiy holatga duch kelgan fuqarolarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shunday tashabbuslardan biri jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatishdir.
Aprel oyida ana shunday shaxslarning 1490 nafariga qo‘llab-quvvatlash maqsadida 3,7 milliard so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam pullari to‘liq moliyalashtirib berildi.
Ozod etilgan fuqarolar ushbu nafaqa mablag‘larini olish uchun joriy oyning 27 sanasiga qadar Xalq bankining istalgan filialiga murojaat qilishlari mumkin.
Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslar bir martalik moddiy yordam pulini tayinlash masalasi bo‘yicha tuman (shahar) Probatsiya xizmatiga murojaat qiladi.
Sherbek Islomov, O‘zA