Issiqlik ta’minotini yaxshilashga 533 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi
Mamlakatimizda aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada takomillashtirish hamda energiya resurslaridan samarali foydalanish maqsadida 2026-yil Infratuzilmani rivojlantirish dasturi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, mavjud issiqlik ta’minoti tizimlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, shuningdek, «Yangi O‘zbekiston» massivlarida barpo etilgan ko‘p qavatli uy-joylarni markazlashgan issiqlik energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha muhim loyihalar izchil davom ettirilmoqda.
"Issiqlikta’minoti" AJ ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunga qadar yillik rejaga nisbatan 60,4 kilometr issiqlik tarmog‘i yotqizilib, belgilangan rejaning 39 foizi bajarildi. Shu bilan birga, jami 16 ta isitish qozoni o‘rnatilib, bu ko‘rsatkich rejaning 25 foiziga teng bo‘ldi.
Moliyaviy ko‘rsatkichlar ham loyihalarning izchil amalga oshirilayotganini tasdiqlamoqda. Qurilish-montaj ishlari uchun ajratilgan 533,7 milliard so‘m mablag‘ning 215,3 milliard so‘mi o‘zlashtirilgan bo‘lib, bu umumiy mablag‘ning 40 foizini tashkil etadi. Shuningdek, 211,7 milliard so‘m moliyalashtirildi.

Amalga oshirilgan ishlar doirasida issiqlik ta’minoti korxonalari tasarrufidagi 6 ta isitish qozoni hamda 37 kilometr issiqlik tarmoqlarida qurilish va modernizatsiya ishlari yakunlandi. Bu ko‘rsatkichlar mos ravishda rejaning 15 va 37 foiziga tengdir.
Shu bilan birga, «Yangi O‘zbekiston» massivlarida 10 ta yangi isitish qozoni o‘rnatilib, 23,3 kilometr issiqlik tarmoqlari qurildi. Mazkur ishlar bo‘yicha bajarilish darajasi tegishli ravishda 43 va 41 foizni tashkil etmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, amalga oshirilayotgan loyihalar nafaqat issiqlik ta’minoti sifatini yaxshilash, balki energiya tejamkorligini oshirish, tizimdagi yo‘qotishlarni qisqartirish va aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar samaradorligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Natijada 1 ming 153 ta ko‘p kvartirali uy va 184 ta ijtimoiy soha ob’ektining issiqlik ta’minoti yaxshilanishi kutilmoqda. Shuningdek, «Yangi O‘zbekiston» massivlaridagi 523 ta ko‘p qavatli uy hamda 47 ta ijtimoiy soha ob’ekti markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimiga ulanadi.

Bu kabi loyihalar mamlakatimizda zamonaviy kommunal infratuzilmani shakllantirish, aholi farovonligini oshirish va shaharsozlik siyosati samaradorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA