Reabilitatsiya markazida ochiq muloqot
Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nigoraxon Yunusova “Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish” Respublika markazining Andijon viloyati hududiy markazida bo‘lib, ushbu maskanda yashab turgan xotin-qizlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan “Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish” Respublika markazi va uning hududiy markazlarida hayotda og‘ir vaziyatga hamda ruhiy inqirozga tushib qolgan ayollarga zarur tibbiy, psixologik, ma’naviy va huquqiy yordamlar ko‘rsatib kelinmoqda.

Muloqot davomida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollarning muammolari tinglandi, murojaatlari atroflicha o‘rganildi. Ularga huquqiy maslahatlar berildi, zarur psixologik ko‘mak va amaliy yordamlar ko‘rsatildi.

Muloqotda ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda hayotda o‘z o‘rinlarini topishlariga ko‘maklashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘tkazilayotgan bu kabi uchrashuv va muloqotlar og‘ir vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida hal etish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda o‘z o‘rnini topish va odatiy hayot tarziga qaytishlariga yaqindan yordam bermoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri