Ispaniya termasi ustozi Yamalni mundialga olib ketadimi? Murabbiy Dani Olmo misolida javob berdi
Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuente Lamin Yamalning jarohati haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuente Lamin Yamalning jarohati haqida o‘z fikrlarini bildirdi. «Barselona» vingeri joriy mavsum yakuniga qadar safdan chiqdi, shuningdek, u jahon chempionatining boshlanishini o‘tkazib yuborish xavfi ostida turibdi.
«Tarkibni shakllantirishda biz barcha mumkin bo‘lgan ssenariylarni hisobga olamiz. Shunday futbolchilar borki, ular hatto 20 daqiqa ichida ham jamoaga ulkan hissa qo‘sha oladi, bu juda muhim. Dani Olmoni eslang: u o‘tgan Yevropa chempionatiga qisman jarohat bilan kelgan edi, deyarli hamma undan umidini uzgandi, biroq yakunda u butun turnirning asosiy qahramoniga aylandi», — deya Ispaniya OAVlari De la Fuentening so‘zlarini keltirmoqda.
Ispaniyaliklar 15-iyun kuni jahon chempionati guruh bosqichining birinchi turida Kabo-Verde terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. 21-iyun kuni Saudiya Arabistoni bilan bahs bo‘lib o‘tsa, 27-iyun kuni «qizil furiya» Urugvay bilan kuch sinashadi.