Ilm va mehnat uyg‘unligi
Jizzax viloyatining Arnasoy tumanidagi “BMB Agro” dalalarida pomidor hosili pishib yetildi. Ilmiy yondashuv, zamonaviy agrotexnologiyalar va mehnatkash dehqonlar sa’y-harakatining uyg‘unligi natijasida yetishtirilgan hosil nafaqat ichki bozor ehtiyojini ta’minlashga, balki eksport geografiyasini kengaytirishga ham xizmat qilishi kutilmoqda.
Arnasoy tumanida joylashgan “BMB Agro” dalalarida bu yilgi pomidor hosili pishib yetildi. Bu hosil qishloq xo‘jaligida ilm-fan, innovatsiya va zamonaviy agrotexnologiyalarning samarali qo‘llanilishi o‘z natijasini berayotganining yana bir amaliy ifodasi bo‘lmoqda.
Hosildorlikni oshirish va mahsulot sifatini yuksaltirish yo‘lida amalga oshirilgan agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va ilmiy asosda tashkil etildi. Ayniqsa, hududning tuproq-iqlim sharoitiga mos navlarni tanlash, ularni sinovdan o‘tkazish va amaliyotga joriy etishda “BMB Holding” mutaxassislari hamda olimlarining izlanishlari muhim ahamiyat kasb etdi.
Ma’lumki, mamlakatimizda agrar sohada ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevralda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimi hamda zamonaviy xizmatlar ko‘rsatishni yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan sohada ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga keng joriy etish, ta’lim, ilmiy tadqiqot va amaliyot o‘rtasidagi uzviy hamkorlikni ta’minlash vazifalari belgilab berilgan. Mazkur hujjat ijrosi doirasida agrar tarmoqda ilmiy yondashuvlarning keng tatbiq etilayotgani bugun “BMB Agro” faoliyati misolida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Yetuk agronomlar va sohaning tajribali mutaxassislari ishtirokida ekinlarni parvarishlash, ularni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda tomchilatib sug‘orish kabi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi. Natijada yuqori hosildorlikka erishish uchun mustahkam zamin yaratildi.
Yaqin kunlarda pishib yetilgan pomidorlarni yig‘ib-terib olish ishlariga kirishiladi. Ekologik toza va sifatli mahsulotlar aholi dasturxoniga yetkazib berilishi barobarida tashqi bozorlarga ham yo‘naltiriladi. Bu esa nafaqat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, balki eksport salohiyatini oshirish va qishloq aholisi daromadlarini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Bugungi kunda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida yuqori natijalarga erishishning asosiy omillaridan biri — ilm-fan, innovatsiya va zamonaviy texnologiyalarning ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashuvidir. Arnasoy dalalarida pishib yetilgan mo‘l hosil ana shu ezgu maqsadlar hayotda o‘z ifodasini topayotganining yana bir yorqin namunasi sifatida e’tirof etiladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri