Ipoteka va kredit kartalari rekord darajada o‘sdi
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida bank tizimi kredit portfeli barqaror o‘sishni namoyon etdi. Ayniqsa, aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari, kredit kartalari hamda yuridik shaxslar uchun lizing va faktoring xizmatlari yuqori sur’atlarda o‘sgani qayd etildi.
2026-yil 1-iyul holatiga respublika bank tizimining jami kredit qoldig‘i 642,8 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu yil boshiga nisbatan 6,4 foiz yoki qariyb 38,8 trillion so‘mlik o‘sish demakdir.
Jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar qoldig‘i yil boshidan 7,1 foizga oshib, 235,9 trillion so‘mga yetdi. Bu yo‘nalishda eng katta ulushni ipoteka kreditlari tashkil etmoqda. Ularning hajmi 9 foizga o‘sib, 86,6 trillion so‘mga yetgan.
Aholini kreditlash tarkibida eng yuqori o‘sish sur’ati kredit kartalari va overdraftlar hissasiga to‘g‘ri keldi. Ushbu yo‘nalishda o‘sish 29,8 foizni tashkil qildi. Shuningdek, mikrokreditlar 13,1 foizga, iste’mol kreditlari 5,1 foizga, mikroqarzlar esa 3,5 foizga ko‘paygan. Avtokreditlar hajmi deyarli o‘zgarmagan bo‘lib, o‘sish 0,3 foizni tashkil etgan. Ta’lim kreditlari esa 0,9 foizga kamaygan.
Yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar qoldig‘i 406,9 trillion so‘mga yetdi va yil boshiga nisbatan 6,1 foizga oshdi. Shundan kredit tashkilotlari bo‘lmagan yuridik shaxslarga ajratilgan mablag‘lar 379,5 trillion so‘mni tashkil etib, 5,5 foizga ko‘paygan.
Yuridik shaxslarni moliyalashtirishda ayrim moliyaviy instrumentlar yanada faollashdi. Xususan, banklararo kreditlar 52,1 foizga, lizing va faktoring xizmatlari 25,7 foizga, mikrokreditlar 18,1 foizga o‘sdi. Shu bilan birga, sindikatlashtirilgan kreditlar qoldig‘i 9,5 foizga qisqarib, 4,3 trillion so‘mni tashkil qildi.
Tahlillarga ko‘ra, yilning birinchi yarmida kreditlash faolligi ham aholi, ham tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida barqaror davom etgan. Aholi tomonidan uy-joy sotib olishga bo‘lgan talab ipoteka kreditlari o‘sishida muhim omil bo‘lgan bo‘lsa, yuridik shaxslar uchun lizing va faktoring xizmatlarining kengayishi ishlab chiqarish hamda biznes faolligini moliyalashtirishga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Ekspertlar fikricha, kreditlash tarkibidagi mazkur tendensiyalar iqtisodiyotda investitsiyaviy faollik saqlanayotgani, aholining moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengayib borayotganini anglatadi. Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan raqamlar mamlakat moliya bozorida kreditlash jarayonlari izchil o‘sish sur’atlarini saqlab qolayotganini tasdiqlamoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA