"Hujumchilar fabrikasi" - Shvetsiya terma jamoasi
1950-yilda Braziliyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida shvedlari ilk bor medallarni qo‘lga kiritgan.
Jahon chempionatida ishtirok etuvchi barcha terma jamoalar nomi ma’lum bo‘ldi. Tunda mundialning pley-off bellashuvlari bo‘lib o‘tdi va yana 6ta jamoa Jahon chempionati chiptasini qo‘lga kiritdi. Ular orasida Ibragimovich vatandoshlari Shvetsiya terma jamoasi ham bor.

Shvetsiya terma jamoasi tarixi
Shvetsiya futbol federatsiyasi 1904-yilning 18-dekabrida Stokgolmda tashkil etilgan. 1904-yildan boshlab FIFAga va 1954-yildan beri UEFAga a’zo hisoblanadi. Shvetsiya o‘zining ilk rasmiy uchrashuvini 1908-yilda Norvegiyaga qarshi o‘tkazgan. Gollarga boy tarzda o‘tgan bellashuvda Shvetsiya yirik 11:3 hisobida raqibni tor-mor etgan. Eng yirik g‘alabani esa 1927-yilda Latviyaga qarshi o‘yinda qo‘lga kiritgan 12:0. Eng yirik mag‘lubiyat esa Buyuk Britaniya terma jamoasidan qabul qilib olingan. O‘shanda inglizlar 12:1 hisobida mag‘lub bo‘lgan. Ayni vaqtda shvedlar FIFA reytingida 42-o‘rinni egallab turibdi.

Jahon chempionatidagi ishtiroki
Shvetsiya terma jamoasi Jahon chempionatidagi debyutini 1934-yilda o‘tkazgan. Ilk ishtirokida ular nimchorak finalda Argentina terma jamoasini 3:2 hisobida hisobida mag‘lub etib, chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan. Yarim final yo‘llanmasi uchun kechgan bahsda esa Germaniyaga 2:1 hisobida mag‘lub bo‘lib, turnir bilan xayrlashgan. 1950-yilda Braziliyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida shvedlari ilk bor medallarni qo‘lga kiritgan. O‘sha musobaqada ular 3-o‘rin sohibiga aylangan edi. 1958-yilda bo‘lib o‘tgan mundialda esa finalgacha yetib borib, Braziliyaga 2:5 hisobida mag‘lub bo‘lib kumush medallariga ega chiqqan. Bu esa Shvetsiya terma jamoasining shonli davri hisoblanadi. 1994-yilda AQSHda bo‘lib o‘tgan mundialda ham bronza medallarini qo‘lga kiritgan. Shvetsiya so‘nggi bor 2018-yilda Rossiyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida ishtirok etgan va chorak finalgacha yetib borgan.

Shvetsiya 2026-yilgi mundial yo‘llanmasiga pley-off bosqichi orqali yo‘l oldi. Ular dastlab Ukrainani 3:1 hisobida mag‘lub etdi. So‘nggi bahsda esa Polshani 3:2 hisobida taslim etib, mundial chiptasini qo‘lga kiritdi. Endi ular turnirning "F" guruhida Niderlandiya, Yaponiya va Tunis bilan bahs olib boradi.
Eng yaxshi futbolchilar va narx
Shvetsiya terma jamoasi tarixida eng ko‘p uchrashuv o‘tkazgan futbolchi Andress Svenson hisoblanadi. U milliy jamoa safida 147ta uchrashuvda maydonga tushishga ulgurgan. Eng yaxshi to‘purar esa Shvetsiya afsonasi Zlatan Ibragimovich sanaladi. U o‘z vatani libosida 62ta gol urishning uddasidan chiqqan. Ayni vaqtda shvedlar safida , Viktor Gyokeresh, Aleksander Isak, Viktor Lindelof, Daniyel Svenson, Lukas Bergval, Emil Forsberg, Ronni Bardji kabi iste’dodlar harakat qilmoqda. "Transfermarkt" portali terma jamoani 363,98 million yevroga baholamoqda.

Shvetsiya mundialdagi ilk bahsini 15-iyun kuni Tunisga qarshi o‘tkazadi. Ikkinchi turda 20-iyun kuni Niderlandiya bilan bahs olib borsa, so‘nggi turda 26-iyun kuni Yaponiya bilan kuch sinashadi.