JCH-1986. Diyego Maradona benefisiga aylangan chempionat
Aslida turnir Kolumbiyada o‘tishi kerak edi, biroq 1982-yilda ushbu mamlakat iqtisodiy inqiroz tufayli mezbonlikdan rasman voz kechdi.
Jahon futboli tarixidagi eng unutilmas va dramatik turnirlardan biri haqida top-8 qiziqarli fakt:
1. Mezbonlik rokirovkasi va tabiat injiqligi
Aslida turnir Kolumbiyada o‘tishi kerak edi, biroq 1982-yilda ushbu mamlakat iqtisodiy inqiroz tufayli mezbonlikdan rasman voz kechdi. Meksika turnir boshlanishiga bor-yo‘g‘i 3-yil qolganda tashkilotchilik huquqini qo‘lga kiritdi va tarixda ikki bor JCHga mezbonlik qilgan ilk mamlakatga aylandi (birinchisi 1970-yilda). Ammo musobaqa startidan 8 oy oldin Mexikoda dahshatli zilzila yuz berdi. Vayronagarchiliklarga qaramay, stadionlar shikastlanmadi va turnirni ko‘chirmaslikka qaror qilindi.
2. Maskot. Musobaqaning rasmiy tumori sifatida Meksika terma jamoasi libosini kiygan, milliy bosh kiyim — sombrerodagi antropomorf chili qalampiri tanlandi. Unga «Pike» deb nom berishgan.
3. Tarixiy to‘p: «Adidas Azteca»An’anaga ko‘ra, «Adidas» kompaniyasi JCH uchun maxsus to‘p taqdim etdi. «Azteca» jahon chempionatlari tarixidagi ilk to‘liq sintetik to‘p bo‘ldi.Ushbu model kutilganidan ham a’lo natija berdi va shundan so‘ng JCHlarda charm to‘plardan umuman foydalanilmadi. Sintetikaning asosiy yutug‘i — kuchli yomg‘irda ham to‘p o‘ziga suv shimib olmas va og‘irlashib qolmas edi.
4. Reglamentdagi o‘zgarish
Musobaqa formati yangilandi: ikkinchi guruh bosqichi bekor qilinib, uning o‘rniga to‘g‘ridan to‘g‘ri 1/8 final (pley-off) bosqichi joriy etildi.
5. Bir aktyor teatri
Diyego Maradonaning Angliyaga qarshi chorak finaldagi (2:1) ikkita goli futbol tarixidan abadiy joy oldi:«Xudoning qo‘li»: Maradona inglizlar posboni Piter Shiltondan balandroq sakrab, to‘pni qo‘li bilan darvozaga yo‘lladi. Hakam qoidabuzarlikni payqamadi, Diyego esa keyinchalik bu golni «qisman Maradonaning boshi, qisman Xudoning qo‘li bilan» urilganini aytdi.
«Asr goli»: Maradona ushbu goldan 4 daqiqa o‘tib, o‘z maydonidan 60 metrlik reyd uyushtirdi va 5 nafar himoyachi hamda darvozabonni dog‘da qoldirib, to‘p kiritdi. Bu gol rasman JCH tarixidagi eng chiroyli gol deb tan olingan. Siyosiy kontekst: Ushbu o‘yin Argentinaning Folklend orollari uchun urushda Angliyadan mag‘lub bo‘lganidan 4-yil o‘tib bo‘lib o‘tgandi. Argentinaliklar uchun bu g‘alaba maydondagi o‘ziga xos revansh edi. Maradona 2000-yildagi avtobiografiyasida shunday yozadi: «Ba’zida qo‘l bilan urgan birinchi golim menga ko‘proq yog‘gandek tuyuladi... Bu xuddi inglizning cho‘ntagidan hamyonini o‘g‘irlab ketish bilan barobar edi».Keyinchalik Diyego yarim finalda Belgiyaga 2 ta gol urdi, finalda esa Burruchagaga oltinga teng golli uzatmani amalga oshirib, Argentinani chempion qildi.
6. «Meksika to‘lqini»
Hozirda butun dunyo stadionlarida mashhur bo‘lgan tribunadagi muxlislarning «to‘lqin» (La Ola) harakati aynan shu turnirda ommalashib, jahonga tanildi.
7. Afrikaning tarixiy kashfiyoti
Marokash terma jamoasi JCH guruh bosqichidan pley-offga yo‘l olgan ilk Afrika vakili bo‘ldi. Marokashliklar Angliya, Polsha va Portugaliya joy olgan qiyin guruhda 1-o‘rinni egallashgandi.
8. Eng tezkor chetlatish (Qizil kartochka)
Shotlandiyaga qarshi bahsda Urugvay terma jamoasi a’zosi Xose Batista o‘yinning 56-soniyasidayoq maydondan chetlatildi. Bu rekord hanuzgacha yangilanmagan.