Hamid Olimjonga ehtirom ifodasi
-
Vodiylarni yayov kezganda,
Bir ajib his bor edi manda.
Chappar urib gullagan bog‘in,
O‘par edim vatan tuprog‘in.
Hamid Olimjonning ushbu misralari bilan boshlanadigan she’ri har bir o‘zbekka faxr-iftixor bag‘ishlaydi.
Farg‘ona viloyatida ma’naviyat va ma’rifat maskanlari soni yana bittaga ko‘paydi. Quvasoy shahar “Qo‘chqorchi” mahalla fuqarolar yig‘inida yangitdan ta’mirdan chiqarilgan O‘zbekiston xalq shoiri Hamid Olimjon xiyoboni, uning nomidagi muzey hamda mahalla binosi foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat, shahar hokimligi mas’ullari, ziyolilar, ijodkorlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Viloyat hokimi o‘rinbosari Sherzodjon Polvonov mamlakatimizda ma’naviyat, adabiyotga qaratilayotgan katta e’tibor xususida so‘z yuritib, Quvasoydagi bu maskan elimizning sevimli shoiriga munosib ehtirom bo‘lganligini qayd etdi.
[gallery-20788]
Hamid Olimjon o‘zbekning o‘zidan o‘lmas meros qoldirgan atoqli farzandi – dilbar shoir, talantli dramaturg, yirik olim va tanqidchi, yirik davlat va jamoat arbobi edi. U qisqa umri davomida xalqimizning cheksiz mehrini qozondi. Hamid Olimjon tom ma’noda vatanparvar shaxs ekanligini “Daryo kechasi”, “Chirchiq sohillarida”, “O‘lka”, “Baxt”, “Oygul bilan Baxtiyor”, “Zaynab va Omon”, “Semurg‘” asarlari orqali bilish mumkin. 1980 yilda Quvasoy shahar Qo‘chqorchi qishlog‘ida uning haykali o‘rnatilgan bo‘lib, ta’mir holatga kelib qolgandi.
Viloyat hokimligi tomonidan Hamid Olimjon haykali o‘rnatilgan hudud obodonlashtirilib, rekonstruksiya qilindi. Ko‘rkam qiyofa kasb etgan bu maskan chinakam ma’naviyat va ma’rifat markaziga aylandi. Shu bilan birgalikda mahalla binosi ham ta’mirdan chiqarildi. Bu yerda mo‘jazgina Hamid Olimjon muzeyi hamda kutubxona tashkil etildi.
– Shoirning ko‘plab she’rlari xalqimizning qalbidan joy olgan, – deydi Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori Dilnavoz Qo‘ldosheva. – Bugun olimlarimiz tomonidan uning ijodi keng o‘rganilyapti. Mana bu xiyobon esa yanada go‘zal qiyofa kasb etib, Hamid Olimjonga bo‘lgan yuksak ehtirom ifodasi bo‘ldi.
Tadbir ishtirokchilari Hamid Olimjon haykali poyiga gullar qo‘yishdi, mahalla binosida yaratilgan sharoitlar, muzey, kutubxona faoliyati bilan tanishdi.
M.Sulaymonov, M.Qodirov olgan suratlar