Gretsiyada 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish cheklanishi mumkin
Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis 2027-yildan boshlab 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni cheklash rejasini e’lon qildi. Uning aytishicha, bu qaror bolalar orasidagi xavotir, uyqu muammolari va platformalarning “qaramlikka olib keluvchi dizayni” bilan bog‘liq. Hukumat bu orqali yoshlarning ruhiy salomatligini himoya qilishni maqsad qilmoqda. So‘rovnomalar ham aholining katta qismi bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatgan.
Ta’kidlanishicha, bu choralar avvalgi cheklovlarning davomi hisoblanadi. Ilgari maktablarda telefonlar taqiqlangan va ota-onalar uchun nazorat platformalari joriy etilgan edi. Endi esa davlat bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini to‘liq cheklamoqchi. Qonun 2026-yil o‘rtalarida qabul qilinishi kutilmoqda.
Tahlilchilar fikricha, buni amalga oshirish oson emas. Gretsiya hozircha platformalarni foydalanuvchilar yoshini tekshirishga majbur qila olmaydi. Shuning uchun hukumat Yevropa Ittifoqidan umumiy qoidalar joriy etishni so‘ramoqda. Agar talablar bajarilmasa, platformalarga katta jarimalar qo‘llanilishi mumkin.
Bu masala faqat Gretsiyada emas, boshqa davlatlarda ham muhokama qilinmoqda. Ba’zi mamlakatlar allaqachon shunga o‘xshash cheklovlarni kiritgan yoki tayyorlamoqda. Mitsotakis Yevropa miqyosida yagona yondashuv zarurligini ta’kidladi, chunki yagona qoidalarsiz milliy choralar samarasiz bo‘lishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA