Sud Tramp qarorini bekor qildi: 5 ming efiopiyalik himoyada qoldi
AQSHda sud Donald Tramp ma’muriyatining muhim qarorini to‘xtatdi. Boston federal sudyasi Brayan Myorfi 5 mingdan ortiq efiopiyalikka berilgan vaqtinchalik himoya maqomini bekor qilishga ruxsat bermadi. Bu maqom ularga Qo‘shma Shtatlarda yashash va ishlash imkonini beradi. Qaror migratsiya siyosati atrofidagi tortishuvlarni yana kuchaytirdi.
Gap “Temporary Protected Status” (TPS) haqida bormoqda, u tabiiy ofat yoki qurolli mojarolar sodir bo‘layotgan davlatlardan kelgan fuqarolarga beriladi. Sudyaga ko‘ra, hukumat bu maqomni bekor qilishda qonun talablariga to‘liq rioya qilmagan. Shuningdek, u qaror oldindan belgilab qo‘yilgandek ko‘ringanini ta’kidladi. Ya’ni vaziyatni haqiqiy baholash o‘rniga siyosiy yondashuv ustun bo‘lgan.
Hukumat esa bu qarorga qarshi chiqdi. Rasmiylar sudni prezident siyosatiga to‘sqinlik qilayotganlikda aybladi. Ularga ko‘ra, TPS doimiy yashash huquqi uchun berilmagan va vaqtinchalik chora hisoblanadi. Shu bilan birga, ma’muriyat migratsiya siyosatini qat’iylashtirishni davom ettirmoqchi.
Bu ish kengroq jarayonning bir qismi xolos. Yaqin vaqtda AQSH Oliy sudi boshqa davlatlar fuqarolari uchun ham shunday himoyani bekor qilish masalasini ko‘rib chiqadi. Shu sababli, bu qaror kelgusidagi sud ishlari uchun ham muhim bo‘lishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA