G‘oliblar mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi
Andijonda “Yosh qutqaruvchi – 2026” respublika musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda qator tashkilotlar hamkorligida Andijon shahridagi olimpiya va sport turlariga ixtisoslashgan sport maktabida o‘quvchilar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni qutqaruvchilik kasbiga qiziqtirish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, fuqaro muhofazasi va yong‘in xavfsizligiga oid bilim va malakalarini boyitish maqsadida o‘tkazilgan musobaqada uning tuman, shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan jamoalar ishtirok etdi.
Musobaqa davomida ishtirokchi jamoalar tomonidan o‘zlari tahsil olayotgan ta’lim muassasalarida favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganida harakatlanish, yong‘inlarning oldini olish borasida olib borilayotgan targ‘ibot ishlariga oid fotosuratlar, albomlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Ishtirokchi jamoalar favqulodda vaziyatlar va fuqaro muhofazasiga oid savol-javob, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, palatka tiklash, balandlikka ko‘tarilish, estafeta yugurishi singari qator shartlar asosida o‘zlarining bilim, mahorat va tezkorliklarini sinovdan o‘tkazdi.
[gallery-28887]
Musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, professional ta’lim maktablari, texnikumlar jamoalari o‘rtasida Marhamat tumanidagi 2-son texnikumi jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, musobaqaning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Ushbu yo‘nalishda ikkinchi o‘rin Paxtaobod tumanidagi 2-son texnikumi, uchinchi o‘rin esa Xonobod shahar 1-son texnikumi jamoalariga nasib etdi.
Umumta’lim maktablari jamoalari o‘rtasida birinchi o‘ringa Baliqchi tumanidagi 7-umumta’lim maktabi, ikkinchi o‘ringa Marhamat tumandagi 42-umumta’lim maktabi, uchinchi o‘ringa esa Oltinko‘l tumanidagi 2-umumta’lim maktabi jamoalari sazovor bo‘ldi.
Musobaqaning g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Har ikki yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar joriy yil may oyda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan musobaqaning mamlakat bosqichida viloyat sharafini himoya qiladi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA