Global moliya bozori va siyosiy o‘zgarish sharhi
AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokarada kuzatilgan ijobiy siljish jahon moliya bozoridagi kayfiyatni yaxshiladi. Shu asnoda neft narxi tushib, aksiya bozori o‘sishi qayd etildi.
Ueyn Koul taqdim etgan Yevropa va jahon moliya bozorining bugungi holati sharhiga ko‘ra, Osiyoda savdo anchayin beqaror, tebranuvchan kechdi. Bunga AQSH va Eron o‘rtasidagi goh to‘xtab, goh qayta tiklanayotgan tinchlik muzokarasida ijobiy siljish kuzatilgani sabab bo‘ldi. Dastlab Prezident Donald Trampning Eronga nisbatan yangi hujum bilan tahdid qilishi hamda Tehron Hurmuz bo‘g‘ozi qayta yopilganini e’lon qilishi butun jarayonni xavf ostiga qo‘ygan edi. Xayriyatki, keyinchalik Eron vakillari dastlabki muzokara samarali o‘tganini ma’lum qildi. O‘mon va Pokiston rasmiylari esa yaqin 60 kun ichida yakuniy kelishuvga erishish maqsadida maxsus qo‘mita tuzilayotganini bildirdi.
Hurmuz bo‘g‘ozidagi hozirgi vaziyat to‘liq aniq emas, chunki AQSH Markaziy qo‘mondonligi shanba kuni bo‘g‘ozdan 55 kema o‘tgani, juma kuni bu ko‘rsatkich 32 tani tashkil etganini ma’lum qilgan esa-da, umumiy yuk tashish hajmi baribir sekinlashgan. Shuningdek, Eron ushbu strategik suv yo‘lini nazorat qilish va kemalardan ma’lum miqdorda boj undirish bo‘yicha yangi tizim joriy etishni rejalashtirmoqda.
Muzokaradagi mana shu ijobiy o‘zgarish tufayli “Brent” nefti narxi 2.5 foiz arzonlashib, barreliga 79 dollardan pastladi, Osiyo aksiya bozori esa yuqoriga qarab harakatlandi. “The Wall Street” fyuchersi va AQSH g‘azna obligatsiyasi dastlabki yo‘qotishni qopladi, biroq Federal zaxira tizimi tomonidan foiz stavkasi oshirilish xavfi hamon bozorga bosim o‘tkazmoqda. Taxminga ko‘ra, sentabr oyida stavka 75 foiz ko‘tariladi. Yil oxirigacha foiz yana oshishi ehtimoli esa 41 foiz. Natijada 2 yillik g‘azna obligatsiyasi daromadliligi 2025-yil boshidan beri eng yuqori ko‘rsatkich, ya’ni 4.2276 foizga yetdi.
Shu bilan birga Donald Tramp ijtimoiy tarmoqda Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer iste’foga chiqishini yozib, jiddiy shov-shuvga sabab bo‘ldi. Ko‘plab OAV xabariga ko‘ra, Starmer o‘tgan haftadagi parlament saylovida ishonchli g‘alaba qozongan Endi Bernem foydasiga o‘z lavozimini tark etishini yaqin orada e’lon qiladi. Agar shu xabar tasdiqlansa, Bernem hukumat tepasiga keladi va Vazirlar Mahkamasini qayta shakllantiradi. Jumladan, moliya vaziri Reychel Rivz o‘rniga ham yangi kadr tayinlanishi kutilyapti. Obligatsiya bozori esa Bernem qat’iy moliyaviy siyosat olib borishiga shubha bilan qarab, uning davrida davlat xarajati hamda qarz hajmi ortib ketishidan xavotirda.
Bugun AQSH Federal zaxira tizimi rahbariyati a’zosi Kristofer Uollerning chiqishi, Yevropa Markaziy Banki rahbari Kristin Lagard hamda Yevropa Ittifoqi komissari Valdis Dombrovskisning nutqi, shuningdek iyun oyi uchun YeIdagi iste’molchilar ishonchi indeksi e’lon qilinishi moliya bozoriga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan asosiy voqealar sifatida baholanyapti.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA