AQSH–Eron kelishuvi: Yaqin Sharqda keskinlik yumshaydimi?
Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyat hamon jahon hamjamiyati diqqat markazida. AQSH va Eron o‘rtasida yuzaga kelgan harbiy keskinlik nafaqat mintaqaviy xavfsizlik, balki global energetika bozori, dengiz logistikasi va xalqaro diplomatiyaga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatdi.
Shunday murakkab sharoitda Vashington va Tehron o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanishi xalqaro miqyosda muhim diplomatik voqea sifatida baholanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ham mazkur kelishuvni keskinlikni yumshatish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni tiklash yo‘lidagi muhim qadam sifatida olqishladi.
O‘zA muxbiri siyosiy fanlar doktori, professor Sayfiddin Jo‘rayevning AQSH va Eron o‘rtasidagi yangi kelishuv, ushbu hujjatning mazmun-mohiyati, mintaqaviy va xalqaro ta’siri haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.
– AQSH va Eron o‘rtasida imzolangan memorandumning asosiy ahamiyati nimada?

– To‘liq tinchlik bitimi deb bo‘lmaydigan bu hujjatni harbiy qarama-qarshilikning eng keskin bosqichini vaqtincha to‘xtatuvchi siyosiy mexanizm, deyish mumkin.
Memorandumga ko‘ra, tomonlar 60 kun ichida yakuniy kelishuv shartini ishlab chiqishi lozim. Asosiy masalalar – Eron yadro dasturi, uranni boyitish darajasi, sanksiyani yumshatish va Hurmuz bo‘g‘ozida erkin harakatni ta’minlash.
Ma’lumotga ko‘ra, Eronda taxminan 440 kilogramm 60 foiz darajada boyitilgan uran mavjud. Bu texnik jihatdan qurol darajasiga yaqin ko‘rsatkich hisoblanadi. Shu bois aynan yadro dasturi muzokaraning eng murakkab qismi bo‘lib qolmoqda.
– Nega O‘zbekiston mazkur kelishuvni alohida qo‘llab-quvvatladi?
– O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim tamoyillaridan biri nizolarni faqat diplomatik yo‘l bilan hal qilishdir. Tashqi ishlar vazirligi bayonotida ham xalqaro huquq, o‘zaro hurmat va barcha tomonlar manfaatini hisobga olish asosida muammoni hal etish tinchlikning asosiy sharti ekani ta’kidlandi.
Bunday yondashuv tasodif emas. Zero, Yaqin Sharqdagi har qanday eskalatsiya Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga bevosita ta’sir qiladi. Ayniqsa, energetika narxi, tranzit yo‘lagi va tashqi savdo zanjiri bu jarayonga juda sezgir.
– Kelishuv jahon neft bozoriga qanday ta’sir qildi?
– Juda kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Mojaro avjiga chiqqan payt “Brent” nefti narxi barreli uchun 114-115 dollargacha ko‘tarildi. Hurmuz bo‘g‘ozi amalda yopilishi bozorda jiddiy xavotir uyg‘otdi. Memorandum imzolangandan keyin esa vaziyat nisbatan barqarorlashdi va neft narxi 78-80 dollarga tushdi. Tabiiyki, bozor ishtirokchilari vaziyat yumshaganini ijobiy qabul qildi.
Hurmuz orqali jahon neft ta’minotining qariyb beshdan bir qismi o‘tadi. Demak,bo‘g‘oz ochiq yoki yopiq bo‘lishi global iqtisodiyot uchun hal qiluvchi omillardan biridir.
– Kelishuv qanchalik barqaror?
– Bu borada ehtiyotkor bo‘lish kerak. Memorandum asosan siyosiy kelishuv, hujjatning asosiy qismi og‘zaki majburiyatga tayanadi. Ko‘p mexanizmlar muvaqqat va shartli xususiyatga ega. Eron uchun sanksiya yengillashuvi muzokara siljishiga bog‘langan. AQSH esa kelishuv barbod bo‘lsa, bosim chorasini qayta kuchaytirishini yashirmayapti.
Asosiy muammo shundaki, taraflar uchun “qizil chiziq” hali saqlangan. Eron uranni boyitish huquqidan voz kechishni istamaydi. AQSH esa yadro quroli yaratish imkoniyatini butunlay bartaraf etish talabini qo‘ymoqda.
– Bu jarayon Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston uchun nimani anglatadi?
– Biz uchun ham imkoniyat, ham xavf bor. Ijobiy tomoni shuki, janubiy tranzit yo‘laklari faollashishi mumkin. Eron Markaziy Osiyo davlatlari uchun Hind okeani va Janubiy Osiyo bozoriga chiqishda muhim logistik ko‘prik hisoblanadi.
O‘zbekiston uchun, ayniqsa, Ashxobod kelishuvi va Eron portlari orqali tashqi savdoni diversifikatsiya qilish imkoniyati kengayadi. Tranzit xarajati pasayishi ham mumkin. Biroq xavf ham bor: kelishuv muvaqqat. Keskinlik qayta kuchaysa, logistika zanjiri yana izdan chiqadi.
AQSH va Eron o‘rtasidagi memorandumni to‘liq tinchlik, deya baholashga hali erta.
Bu – urushni tugatgan bitim emas, balki keskinlikni vaqtincha pasaytirgan diplomatik to‘xtam. Haqiqiy samara keyingi 60 kun ichida yuzaga chiqadi.
Eng muhim savollar hali ochiq: yadro dasturi taqdiri, sanksiya kelajagi va mintaqadagi harbiy muvozanat.
Shu ma’noda O‘zbekistonning diplomatiya, muloqot va siyosiy murosa tamoyiliga asoslangan pozitsiyasi bugun har qachongidan dolzarb ko‘rinyapti. Yaqin Sharqda barqaror tinchlikka erishish nafaqat mintaqa, balki butun jahon xavfsizligi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
D.Hakimov, O‘zA