Gimnastikachilarimiz xalqaro maydonda 5 ta medalga sazovor bo‘ldi
Xitoydagi musobaqa gimnastikachilarimiz uchun o‘z tajribasini yanada oshirish va nufuzli musobaqalarga munosib tayyorgarlik vazifasini o‘tadi.
Sport va badiiy gimnastika bo‘yicha nufuzli xalqaro musobaqalar yakuniga yetdi. Quvonarlisi, O‘zbekiston terma jamoasi vakillari jami 5 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Sport gimnastikasi bo‘yicha Osiyo chempionatida O‘tkirbek Jo‘rayev kattalar o‘rtasida dastakli ot mashqida chempionlikni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, yoshlar bahslarida Bekzod Baxtiyorov tayanib sakrash, Timur Kamayev esa dastakli ot mashqida bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Pekin shahrida o‘tkazilgan badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon chellenj kubogida sportchilarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Guruh mashqlarida Fotima El-Sankari, Milana Safina, Irodaxon Sodiqova, Mishel Nesterova va Diana Hakimovadan iborat jamoa 5 ta to‘p dasturida bronza medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Natalya Usova tasma mashqida shohsupaning uchinchi pog‘onasiga ko‘tarildi.
Shu tariqa, o‘zbekistonlik gimnastikachilar xalqaro musobaqalarda 1 ta oltin va 4 ta bronza medaliga ega chiqdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA