Gimnastikachilarimiz jahon kubogi bosqichi finalida
Ozarbayjonning Boku shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogi bosqichi davom etmoqda. Musobaqaning guruh mashqlarida O‘zbekiston terma jamoasi 5 ta to‘p dasturi bo‘yicha finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, jahon kubogi bosqichining yakkaliklar o‘rtasidagi ko‘pkurash dasturida O‘zbekiston terma jamoasining ikki nafar a’zosi ishtirok etdi. Qayd etilgan natijalarga ko‘ra, Taxmina Ikromova 4, Lola Jo‘rayeva esa 9-o‘rindan joy oldi. Bugun, yakkaliklar o‘rtasida alohida jihozlar dasturi bo‘yicha final bahslari o‘tkaziladi. Unda hamyurtlarimiz sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada Toshkentda o‘tgan jahon kubogi bosqichda Taxmina Ikromova ko‘pkurash bahslarida bronza, alohida jihozlar dasturi bo‘yicha 2 ta oltin, 1 ta kumush medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Lola Jo‘rayeva 2 ta bronza medalga sazovor bo‘lgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA