Gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar ilmiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanadi
Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Mazkur memorandum mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan islohotlarni ilmiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hujjat doirasida oila va gender siyosati sohasida qonunchilikni takomillashtirish, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik qilinadi.
Oilalar barqarorligini ta’minlash, xotin-qizlar bandligini oshirish, gender tenglikni ta’minlashga oid masalalar yuzasidan sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazish, ilmiy-tahliliy materiallar tayyorlash va ekspertlik xulosalarini ishlab chiqish nazarda tutilgan.
Xotin-qizlar va oilalar muammolarini chuqur o‘rganish, ularni hal etishga qaratilgan amaliy mexanizmlarni joriy etish, shuningdek, ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish va amaliyotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratiladi.
N.Abduraimova, O‘zA