Ijtimoiy himoya sohasida yangi tashabbuslar
Bugungi kunda mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ularni jamiyatga to‘liq integratsiya qilish masalalari ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Shu maqsadda amalga oshirilayotgan islohotlar joylarda qanday natija berayotganini o‘rganish muhimdir. Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorovning Buxoro viloyatiga tashrifi ham aynan shu maqsadga qaratildi.
Tashrif davomida mehmonlar viloyat hokimi Botir Zaripov hamrohligida “Usta Davron” hunarmand miniatyura markaziga tashrif buyurdilar. Ushbu markaz bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur hamkorlik doirasida 123-sonli kar va zaif eshituvchi bolalar uchun maxsus maktab-internatning 15 nafar o‘quvchisi markazga muntazam ravishda qatnab, haftasiga uch marotaba miniatyura san’ati va hunarmandchilik bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda. Bu mashg‘ulotlar orqali o‘quvchilar nafaqat kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda, balki ularning ijodiy fikrlashi, ijtimoiy faolligi va o‘zlariga bo‘lgan ishonchi ham ortmoqda.
Shuningdek, tashrif chog‘ida mazkur maxsus maktab-internatda bolalarni kasbga yo‘naltirish ishlari ham o‘rganildi. Ayni paytda 45 nafar o‘quvchi turli kasblarga, jumladan tikuvchilikka o‘rgatilayotgan bo‘lsa, 60 nafar o‘quvchi fan to‘garaklarida faol ishtirok etmoqda. Ayniqsa, “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan oilalar farzandlari uchun bunday imkoniyatlar muhim ahamiyatga ega.
Mansurbek Olloyorov tashrif doirasida Buxoro shahridagi “Muruvvat” ayollar internat uyida ham bo‘lib, u yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Muassasada ayollarni kasbga o‘rgatish va ularning bandligini ta’minlash maqsadida tikuvchilik to‘garaklari hamda issiqxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa ularning mehnat ko‘nikmalarini shakllantirish va daromad topish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
[gallery-28479]
Shu bilan birga, vasiylikka olingan shaxslarni qayta ko‘rik asosida o‘z oilalariga qaytarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi. Bu kabi yondashuvlar oila institutini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.
Yana bir muhim loyiha — nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun reabilitatsiya va protezlash markazini tashkil etish rejasi taqdim etildi. Buxoro shahridagi Yangiobod mahallasida qurilishi rejalashtirilayotgan mazkur markaz zamonaviy talablar asosida barpo etilib, yuzlab fuqarolarga kompleks xizmat ko‘rsatishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Buxoro viloyat filiali faoliyati ham o‘rganildi. Muassasadagi davolash va reabilitatsiya jarayonlari, bemorlarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy-psixologik yordam xizmatlari tahlil qilinib, sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Viloyatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy himoyaga oid bunday tashabbuslar inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ularni jamiyatda munosib o‘rin egallashiga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, bolalar va ayollarni kasbga o‘rgatish, ularning mustaqil hayotga tayyorgarligini oshirishga qaratilgan ishlar kelajakda yanada samarali natijalar berishini kutish mumkin.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari