Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati yanada faollashadi
Bobur nomidagi Andijon viloyati Axborot-kutubxona markazida Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining qonuniy kafolatlarini nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimligi, adliya boshqarmasi mas’ullari, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Azamat Pardayev va Ruslan Sobirov viloyatda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, O‘zbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida” hamda “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlari ijrosini o‘rganish yakunlari xususida atroflicha so‘z yuritdi.
O‘rganish doirasida Oliy Majlis deputatlari “Mingtepa – madaniy meros” jamoat fondi, “Madad” NNT huquqiy maslahat byurosi hamda O‘zbekiston Nogironlar jamiyati tuman bo‘linmalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi, rahbarlari bilan suhbatlar o‘tkazdi.
[gallery-29636]
Tadbirda nodavlat notijorat tashkilotlari mol-mulkini shakllantirish, xorijiy grantlar doirasidagi tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish, soliq imtiyozlari, hisobotlarning ma’muriy yuklamasi hamda ijtimoiy buyurtmalar ajratilishi kabi masalalar atroflicha muhokama etildi.
Bahs-munozaralarda “Yuksalish” harakati, Karlar va Nogironlar jamiyatlari, Chernobilchilar assotsiatsiyasi, milliy-madaniy markazlar viloyat bo‘limlari rahbarlari tomonidan faoliyatda duch kelinayotgan turli to‘siqlar, grant va ijtimoiy buyurtmalar olishdagi muammolar hamda qonunchilikni yanada takomillashtirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Ishtirokchilarning taklif, fikr va mulohazalari umumlashtirilgan holda deputatlar tomonidan normativ-huquqiy bazani yaxshilash, faoliyat samaradorligini oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari