Firibgarlarga aldanib qolmang
Davlatimiz rahbarining joriy yil 5-maydagi “2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida”gi qarorida tizimga oid bir qator yangiliklar va imtiyozlar nazarda tutilgani yanada ahamiyatli bo‘ldi.
Tanishim mehmonga chaqirib qoldi. Qishloqdan otam kelgan, suhbatlashib o‘tiramiz, dedi.– Zamonimiz tinch, dasturxonimiz to‘kin, Yaratganga shukr, – deydi mehmon. – Olti farzandni voyaga yetkazdik. Qizlar – palaxmon toshi. Bu yil kenjamizni o‘qishga kiritsak, ko‘ngil to‘q-da, uka. Shu niyatda ozmi-ko‘pmi belga tukkanimizni olib kelaverdik. Qo‘shningiz bilan hozir shuning maslahatini qilib o‘tiribmiz.
– Qaysi universitetga hujjat topshirdi, – deb so‘rayman Mamadiyor akadan.
– Ha, endi shu, biron vallomat topilsa, qaysiga desa, o‘sha universitetga topshiraveramiz-da.
Masala oydinlashdi. Savol nazari bilan tanishimga qarayman. Axir u oliy ma’lumotli, jamiyatimizda bo‘layotgan o‘zgarishlardan, issiq-sovuqdan xabari bor, oq-qoraning fahmiga yetadi. U otamning fe’li chatoq, ahdiga qarshi borolmayman, degandek ishora qildi.
– O‘qishga kirmoqchi bo‘lgan ukamiz qayerda? O‘zi qaysi fanni yaxshi o‘zlashtirgan, qanday kasbga qiziqadi?
Suhbatga tanishim aralashdi.
– Ukam iqtisodiyot kasb-hunar kollejini tamomladi. Otam avval o‘zim borib, Toshkentning ob-havosini bilay, deb kelaveribdi.
Mamadiyor aka bilan xo‘p suhbatlashdik. Mehmonga davlatimiz tomonidan yoshlarga yuksak e’tibor qaratilayotgani, o‘qiyman, ilm egallayman degan yigit-qizlarga keng imkoniyatlar mavjudligini gapirib berdim. Albatta, bu kabi islohotlardan xabardor bo‘lsa-da, Mamadiyor akaga bugun zamon bilimdon yoshlarniki ekanini, o‘qishga kirish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rilsa bas, boshqa noqonuniy harakatlarga o‘rin yo‘qligini tushuntirdim.
Yo‘l-yo‘lakay suhbatimiz mavzusi haqida o‘ylab ketdim.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 5-maydagi “2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida”gi qarorida tizimga oid bir qator yangiliklar va imtiyozlar nazarda tutilgani yanada ahamiyatli bo‘ldi.
Qarorga binoan ishlab chiqarishdan ajralmagan holda bilim olishni ta’minlash maqsadida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus sirtqi, Navoiy davlat konchilik va Toshkent temir yo‘l muhandislari institutlarining sirtqi bo‘limlarida bakalavrlarni tayyorlash nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari buyurtmalariga binoan yuqori malakali tibbiyot kadrlariga ehtiyoj katta bo‘lgan hududlar uchun mamlakatimiz tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga davlat grantlari asosida bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashning maqsadli qabul kvotalari tasdiqlandi.
2017/2018 o‘quv yilidan e’tiboran oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabulni amalga oshirish joriy etilmoqda.
Bunda to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabul o‘tish ballini to‘play olmagan abituriyentlarga to‘plagan balliga muvofiq (68 balldan kam bo‘lmagan) ketma-ketlik tartibi qat’iy saqlangan holda, ularning oshirilgan kontrakt pulini to‘lay olish imkoniyatidan kelib chiqib amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.
– Joriy yilda oliy ta’lim muassasalariga 730 mingga yaqin abituriyent hujjat topshirgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 9,2 foizga ko‘pdir, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori Majid Karimov. – Test savollari jamg‘armasi qat’iy (yopiq) rejim sharoitida tegishli idoralar tavsiya etgan fan ekspertlari tomonidan amalga oshirildi. Test materiallari ham o‘ta maxfiylik asosida tayyorlandi. Shunga qaramay, afsuski, bu jarayonda turli firibgarlik holatlari ham uchrab turibdi. Ba’zi kimsalar test savollari varianti borligini yoki yuqori tashkilotlardagi tanishi orqali o‘qishga kiritib qo‘yishga ishontirib, yolg‘on asosida jinoyatga qo‘l urmoqda. Davlat test markazi aynan shunday qing‘ir ishlar, qonunbuzarlik holatlarining oldini olish, abituriyentlar va ularning ota-onalarini hushyorlikka chorlash maqsadida ommaviy axborot vositalari orqali huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda keng tushuntirish ishlarini yo‘lga qo‘ygan. Ishontirib aytamanki, pul evaziga o‘qishga kiritib qo‘yaman, degan firibgarlarning havoyi va’dalari puchdir. Bu aslo mumkin emas.
Bunday holatlarning oldini olish maqsadida zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanilmoqda. Misol uchun bu yil Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida abituriyentlarni biometrik ma’lumotlar asosida nazorat qilish va boshqarish tizimi joriy etildi, Toshkent davlat yuridik universitetida test sinovlari uzluksiz videokuzatuv ostida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu jarayon keyingi yillarda barcha oliy ta’lim muassasalarida amalga oshirilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligidan ma’lum qilishicha, joriy yilning o‘tgan davrida vazirlik va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan yangi o‘quv yiliga qabul mavsumi munosabati bilan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ta’lim muassasalari xodimlarining bevosita ishtirokida 36, shu jumladan, keyingi ikki oy mobaynida 12 jinoyat aniqlangan.
Bu jinoyatlarning asosiy qismi oliy ta’lim muassasalari xodimlari tomonidan sodir etilib, ular abituriyentlarni o‘qishga kiritish uchun pora olayotganida yoki vositachilik qilmoqchi bo‘lganida qo‘lga olingan. Firibgarlikda talabalarning ishtirok etayotgani tashvishlanarli holdir.
Xalqimizda farzand tarbiyasiga hayot-mamot masalasi sifatida qaraladi. El-yurt koriga xizmat qiladigan qobil farzand voyaga yetkazish ota-ona uchun faxr hisoblanadi. Shu bois bugun O‘zbekiston yoshlari barcha islohotlarimizni, mamlakatimizda va dunyoda bo‘layotgan voqea-hodisalarni teran idrok etadi. O‘z taqdirini Vatanimiz porloq kelajagi bilan bog‘laydi. Buning uchun ular bor kuch-g‘ayratini, bilimini ayamaydi. Shunday ekan, oliy maqsadlar yo‘lida turli yot unsurlarga o‘rin yo‘q.
Yaqinda o‘sha tanishimni yana uchratib qoldim. Otasini so‘radim, ukasi bilan qiziqdim.
– Gaplaringiz ta’sir qildi. O‘zim ham otamning bu ishidan biron natija chiqmasligini bilardim. Maslahatlashib, to‘g‘ri yo‘l tutdik. Ukam zo‘r berib imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rdi.
Biz uning ukasiga va katta umidlar bilan oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan barcha abituriyentlarga omad tilaymiz.