Farg‘onada “Media haftalik” boshlandi (+video)
Jurnalist, ijtimoiy tarmoq faoli uchun malaka oshirish, zamonaviy bilimlardan xabardorlik qanchalar ahamiyatga ega?
Dunyoning nufuzli ekspertlari ta’kidlashicha, global siyosat yo‘nalishi belgilanishida jurnalistika sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Shunday ekan, uning vakillari zamondan bir qadam oldinda yurmog‘i lozim. Buning uchun esa jurnalist, axborot, kontent tarqatuvchi shaxsining kasbiy malakasi qay darajada ekani muhim.
Bugun O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tashabbuskorligida Farg‘ona shahrida “Media haftalik” ish boshladi. Uning tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar viloyatdagi ommaviy axborot vositalari bosh muharrirlari, hududiy telekanallar muxbirlari, jurnalistlar va media sohasi vakillari ishtirok etayotgan media haftalik manfaatli va samarali bo‘lishiga ishonch bildirdilar. 18-22-may kunlari davom etadigan haftalik doirasida zamonaviy media, kontent yaratish, sun’iy intellekt, mobilografiya va SMM yo‘nalishlarida amaliy darslar, mahorat mashg‘ulotlari hamda ochiq muloqotlar bo‘lib o‘tadi.
– Bunday ta’lim shakllari doimo kerak. OAV vakillari o‘z ustida ishlamasa, zamon bilan hamnafas bo‘lib yangi texnologiyalarni o‘zlashtirmasa bunday tahririyatlar yopilib ketaveradi. Men o‘ylaymanki, jurnalistlar uchun malaka oshirishga qaratilgan ta’lim dasturlari kengayishi kerak, – deydi Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi direktorining o‘rinbosari Nozima Toshpo‘latova.
Amaliy mashg‘ulot va muloqotlar bugun uch yo‘nalishda bo‘lib o‘tmoqda. Bosma nashr jurnalistlari, teleradio muxbirlari va montajchi hamda tasvirchilik mahorati o‘quvi malakali media mutaxassislari tomonidan interfaol uslubda tashkil etildi.
– O‘zimiz uchun juda foydali bo‘lgan ma’lumotlarni olyapmiz, – deydi “Navbahor” gazetasi muharriri Durdona G‘afforova. –Auditoriyani aniqlash, o‘quvchilarga ma’lumot uzatishda qisqalik, aniqlik, xolislik borasida bilimlarimizni oshiryapmiz. Sun’iy intellekt bilan ishlash, mobilografiya, ya’ni jurnalistikaning zamonaviy shakllarini o‘rganish ham muhim. O‘ylaymanki, media haftalik davomida o‘zim ishlayotgan gazetani rivojlantirish uchun kerakli bilimlarga ega bo‘laman.
– Televideniyeda qanday usullarni qo‘llasak jamiyat uchun ko‘proq foydali va qiziqarli bo‘ladi, degan maqsadda o‘qib- o‘rganyapman, – deydi Farg‘ona viloyat TRK muharriri Mukarrama Olimova. – Mazkur mashg‘ulotlar natijasida bilimim oshib yanada chuqurlashadi, deb umid qilaman.
Aslida ilgarilari ham qaysidir mavzuni yoritish yoki ommaviy axborot vositalari uchun o‘quv-treninglar bo‘lgan. Ammo media haftalik loyihasida ko‘zda tutilganidek keng miqyos, chuqurlashtirilgan bilim, amaliy tahlil va nihoyat jurnalistika texnik xodimlari uchun maxsus kurslar bo‘lmagan edi.
– Nafaqat yo‘nalishlar orqali bilim berish, balki qatnashchilarning muammolari ham eshitilyapti, – deydi Nozima Toshpo‘latova. – Birgalashib uchrashi mumkin bo‘lgan inqirozni qanday qilib bartaraf etish yo‘llarini o‘rganyapmiz. Shuningdek, kelgusida amalga oshirish zarur bo‘lgan rejalarni ham ishlab chiqmoqdamiz. Yaqin vaqt ichida bu mashg‘ulotlar o‘z samarasini beradi.
Farg‘onada bugun boshlangan “Media haftalik” 22-mayga qadar davom etadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/o4_2p25ft-o" title="Farg‘onada “Media haftalik” boshlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA