Janubiy Koreya tajribasi va innovatsiyalari mamlakatimiz onkologiya tizimiga tatbiq etiladi
Bugungi kunda mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, ayniqsa, onkologik kasalliklarning oldini olish, ularni barvaqt aniqlash hamda xalqaro standartlar asosida samarali davolash masalalariga davlat darajasida alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi islohotlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston onkologiya xizmati mutaxassislari dunyoning yetakchi tibbiyot markazlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, milliy salohiyatni mustahkamlash ustida tizimli ish olib bormoqda. Xususan, joriy yilning 20-27-iyun kunlari Janubiy Koreya Respublikasining Seul, Goyang, Osong va Vonju kabi yirik shaharlarida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro malaka oshirish dasturi ham aynan O‘zbekistonning milliy saraton boshqaruvi salohiyatini kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Koreya Milliy onkologiya markazi (National Cancer Center, NCC) hamda Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi (KOFIH) tomonidan tashkil etilgan ushbu nufuzli dasturda yurtimiz tibbiyoti vakillari – Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari munosib ishtirok etmoqda.
Malaka oshirish doirasida o‘zbekistonlik mutaxassislar Koreya Milliy onkologiya markazi prezidenti, tibbiyot fanlari doktori, professor Han-Kvang Yang boshchiligidagi nufuzli delegatsiya bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarda Koreya tomonidan sohaning eng ko‘zga ko‘ringan olimlari va ekspertlari qatnashdi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida onkologiya sohasidagi strategik hamkorlikni yanada kengaytirish, aholi o‘rtasida saraton skriningi dasturlarini takomillashtirish, Milliy saraton registrini rivojlantirish va raqamlashtirish, patomorfologiya va molekulyar diagnostikani zamonaviy bosqichga olib chiqish hamda qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish kabi muhim masalalar batafsil muhokama qilindi.

Dastur doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi markazning zamonaviy ilmiy va amaliy infratuzilmasi, xususan, Osiyodagi eng yirik va to‘liq markazlashtirilgan Biobank faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Millionlab biologik namunalarni xalqaro standartlar asosida uzoq muddat saqlash imkoniyatiga ega bo‘lgan ushbu majmua zamonaviy molekulyar-genetik tadqiqotlar, biomarkerlarni aniqlash va shaxsiylashtirilgan tibbiyotni rivojlantirishda bosh ilmiy platforma hisoblanadi. Shuningdek, Koreya Milliy saraton registri tizimi orqali kasalliklarni ro‘yxatga olish, epidemiologik monitoring va ma’lumotlar tahlili asosida sog‘liqni saqlash siyosatini shakllantirish mexanizmlari batafsil o‘rganildi. Bu tajriba O‘zbekistonda milliy kanser-registr tizimini yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mutaxassislar Koreya Oziq-ovqat va dori vositalari xavfsizligi agentligi (KFDA/MFDS) bilan hamkorlikda faoliyat yurituvchi eksperimental ilmiy tadqiqot majmuasida bo‘lib, yangi dori vositalari va innovatsion davolash usullarining xavfsizligi bo‘yicha klinik tadqiqotlargacha bo‘lgan tayyorgarlik bosqichlarini ko‘zdan kechirdi.
Mazkur xalqaro dastur bachadon bo‘yni saratoni skrining tizimi, HPV (inson papillomasi virusi) diagnostikasi va laboratoriya sifat nazorati, epidemiologik tadqiqotlar metodologiyasi hamda tibbiyotda sun’iy intellekt va katta ma’lumotlardan foydalanish kabi eng dolzarb yo‘nalishlarni qamrab olgan. Janubiy Koreyada olingan ushbu zamonaviy bilim va boy tajribalar mamlakatimizda saraton kasalliklarini barvaqt aniqlash, tizimli nazorat qilish va onkologik xizmat samaradorligini yangi bosqichga olib chiqish orqali aholi salomatligini ishonchli muhofaza qilishga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA