Eng faol va istiqbolli startaplar egalari taqdirlandi
Sirdaryo viloyatida yoshlar innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning startap g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etishga ko‘maklashish maqsadida “Ideathon” tadbirlari yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur tashabbus Sirdaryo viloyati hokimligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, tuman va shahar hokimliklari hamda "IT Park Uzbekistan" Sirdaryo filiali hamkorligida o‘tkazildi.
Tadbirlar davomida ishtirokchilar o‘z startap loyihalarini taqdim etish, sohadagi mutaxassislardan amaliy tavsiyalar olish hamda o‘zaro tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Unda jami 200 dan ortiq innovatsion startap g‘oyalari namoyish etildi.

“Ideathon” doirasida taqdim etilgan loyihalar yoshlarning axborot texnologiyalari, raqamli yechimlar va tadbirkorlik sohasidagi salohiyati tobora ortib borayotganini ko‘rsatdi. Mutaxassislar tomonidan g‘oyalar iqtisodiy samaradorlik, amalga oshirish imkoniyati va innovatsion yondashuv nuqtai nazaridan baholandi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, eng faol va istiqbolli deb topilgan 40 nafarga yaqin startap egalari sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, bir qator loyihalarni keyingi bosqichlarda rivojlantirish va investitsiya jalb etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Tadbir tashkilotchilarining ta’kidlashicha, bu kabi loyihalar hududlarda startap ekotizimini rivojlantirish, yoshlarning tadbirkorlik ko‘nikmalarini oshirish hamda istiqbolli innovatsion g‘oyalarni aniqlab, ularni amaliy loyihalarga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
G‘ulom Primov, O‘zA