“Obod” mahallasi yangi binoga ega bo‘ldi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Uychi tumanidagi “Obod” mahalla fuqarolar yig‘ini uchun yangi bino foydalanishga topshirildi.
Shu paytga qadar 8 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladigan mazkur mahalla fuqarolar yig‘ini o‘z xizmat binosiga ega emas edi. Mahalla hududidagi bo‘sh turgan ikki sotix yer maydoni ushbu maqsad uchun ajratilib, qurilish ishlariga 250 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi, shuningdek, homiylik mablag‘lari jalb etildi. Natijada barcha zamonaviy shart-sharoitlarga ega bo‘lgan yangi bino barpo etildi.
— Mahallamizning o‘z binosi mavjud emasligi faoliyatimizga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatayotgan edi, - deydi “Obod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi G‘iyosiddin Saydullayev. — Bugun foydalanishga topshirilgan zamonaviy bino nafaqat xodimlar, balki aholi uchun ham qulaylik yaratdi.
Ochilish marosimida tuman hokimi va xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Muzaffar Abdullayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Ma’rufjon Rahmonov, nuroniylar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar mazkur inshoot aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
[gallery-29170]
Tadbir doirasida ishtirokchilar “mahalla yettiligi” faoliyati uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Shuningdek, iqtidorli bolalar ishtirokida badiiy chiqishlar va sport tadbirlari tashkil etildi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA