Endilikda har bir ixtisoslashgan tibbiyot markazlari sport federatsiyalari bilan hamkorlik qiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Sportchilarni jarohatdan tiklash ishlari va mushak holati bo‘yicha tekshiruvlar asosan xorijda o‘tkazilyapti. Federatsiyalar sport shifokori, farmakolog va diyetologlarni yuqori maosh to‘lab, chetdan olib kelishga majbur bo‘lmoqda.
Sportchilardagi suyak sinishi, pay uzilishi kabi jarohatlar bo‘yicha zamonaviy protokollar o‘zimizda joriy etilmayotgani, Travmatologiya, Kardiologiya, Terapiya markazlari federatsiyalar bilan hamkorlik qilmasligi bo‘yicha e’tiroz bildirildi.
Endilikda har bir ixtisoslashgan tibbiyot markazlari sport federatsiyalari bilan hamkorlik qiladi. Har oyda terma jamoa a’zolarining sog‘lig‘ini diagnostika qiladi, jarohat olish xavfini baholaydi. Sportchining jismoniy yuklamasini ilmiy tahlil qilib, murabbiylarga tibbiy tavsiyalar beradi.
Yangi o‘quv yilidan Toshkent tibbiyot universitetida sport diyetologi, fiziologiya, psixologiya bo‘yicha, Farmatsevtika institutida sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha mutaxassis tayyorlash boshlanadi. Olimpiya shaharchasidagi Sport tibbiyoti ilmiy markazi talabalar uchun amaliyot bazasiga aylanadi.
Shuningdek, mutasaddilarga sport mahsulotlarini mahalliylashtirish dasturini o‘z ichiga olgan qaror loyihasini kiritish topshirildi.
O‘zA