Barri For: Bu markazni barpo etish uchun beqiyos tasavvur, uzoqni ko‘ra bilish qobiliyati kerak
Seyshel Respublikasi tashqi ishlar va diaspora vaziri Barri For boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrifi doirasida Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldi.
Mehmonlar majmua faoliyati bilan tanishish asnosida noyob tarixiy eksponatlar, zamonaviy multimedia texnologiyasi uyg‘unlashgan, yurtimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini targ‘ib etishga qaratilgan loyihadan lol qolganini yashirmadilar.
Xususan, Barri For taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, markazni “kelajak tasavvur qilingan tashabbus” sifatida baholadi.
[gallery-29146]
– Bunday inshoot barpo etish uchun beqiyos darajada keng tasavvur, uzoqni ko‘ra bilish qobiliyati zarur, – dedi yuqori martabali mehmon. – Bir so‘z bilan aytganda, zamonaviy texnologiya orqali tarix va sivilizatsiyani butun dunyoga, ayniqsa yosh avlodga yetkazish g‘oyasi hayratlanarli. Markaz nafaqat boy tarixiy merosni namoyish etadi, balki tashrif buyuruvchilarga qadim sivilizatsiya haqida chuqur bilim ham beradi.
Vazirda ayniqsa 3 000 yillik tarixga ega bug‘u haykalchasi o‘zgacha taassurot qoldirdi.
– Bunday qadimiy artefakt bugungi kungacha saqlanib qolgani va insonlarga namoyish etilayotgani haqiqatan hayratlanarli, – dedi u.
Janob For O‘zbekiston va Seyshel Respublikasi hamkorligi istiqboliga alohida to‘xtaldi. Ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganiga ikki yil bo‘lganini eslatib, sherik davlat tomonidan vazir darajasidagi ilk rasmiy tashrif amalga oshirilganini ta’kidladi. Qolaversa, mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri bilan muzokarada hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator kelishuvlar yuzasidan fikr almashilganiga urg‘u berdi.
– Biz endi boshlanayotgan o‘zaro munosabat yanada mustahkamlanishiga ishonamiz, – dedi Barri For. – Kelgusida Seyshel Respublikasi Prezidenti Patrik Herminning O‘zbekistonga tashrifi masalasi ham ko‘rib chiqilyapti.
Dilshod Hakimov, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA