Dunyoning eng boy oilalari dollar ta’sirini kamaytirib, Osiyo aktiviga o‘tmoqda
“Reuters” agentligi Shveysariyaning UBS banki tadqiqotiga tayanib yozishicha, dunyoning eng boy oilalari AQSH hukumati qarzi ortishi va geosiyosiy noaniqlik sharoitida investitsiya tarkibida dollar ulushini kamaytira boshladilar.
2026-yil birinchi chorakda bank mijozlari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijasiga ko‘ra, investorlarning qariyb yarmi dollar ta’sirini kamaytirib, xalqaro, xususan Osiyo-Tinch okeani va G‘arbiy Yevropadagi aksiyalarga qiziqish bildirmoqda.
Tadqiqotda ishtirok etgan oilalarning o‘rtacha sof boyligi taxminan 1,5 milliard dollar. Bank ma’lumotiga ko‘ra, ayni o‘zgarish ayniqsa xorijiy oilaviy ofislarda yaqqol sezilmoqda. Qisman amerikalik sarmoyadorlar orasida ham dollardan chekinish holati kuzatilmoqda.
Tahlilchilar investitsiya imtiyozi o‘zgarishini global iqtisodiyot uchun ortib borayotgan xavf va yirik kapital aktivini ko‘proq diversifikatsiya qilish istagi bilan bog‘lamoqda.
S.Rahimov, O‘zA