G‘arbiy sohildagi qirg‘in ortidan vaziyat yana keskinlashdi
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘arbiy sohilda sodir bo‘lgan qonli to‘qnashuvdan keyin armiyaga keskin choralar ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Hodisa Tell qishlog‘i yaqinida yuz bergan. Falastin Sog‘liqni saqlash idorasi ma’lumotiga ko‘ra, to‘rt nafar falastinlik halok bo‘lgan, to‘rt kishi jarohat olgan. Isroilning “Magen David Adom” tez yordam xizmati bir isroillik ham vafot etganini ma’lum qildi.
Tomonlar voqeaga turlicha izoh bermoqda. WAFA axborot agentligi xabar berishicha, isroillik ko‘chmanchilar qishloqning sharqiy qismiga kirib, do‘kon, ikki xonadon hamda qishloq xo‘jaligi ekinlariga o‘t qo‘ygan. Isroil Mudofaa kuchlari (IDF) esa shu hududda sayr qilib yurgan fuqarolarga hujum qilingani, voqea joyiga yetib kelgan xavfsizlik xodimining quroli tortib olingach, otishma boshlanganini bildirdi. Armiya qurolni olib qochgani gumon qilingan shaxs yo‘q qilinganini aytdi.
Shundan so‘ng Netanyaxu armiyaga terrorga qarshi qat’iy harakat qilish, hujumda gumon qilingan shaxsning uyini buzish, xavf yuqori deya baholanayotgan qishloqlarda amaliyotni kuchaytirish hamda G‘arbiy sohil bo‘ylab qo‘shimcha kuchlar joylashtirish vazifasini yukladi. Shu bilan birga mavjud yahudiy qishloqlarini rasmiylashtirish va yangilarini tashkil etish jarayoni tezlashtirilishini ham e’lon qildi.
G‘arbiy sohil 1967-yildan buyon Isroil nazoratida. 2023-yil 7-oktabrda boshlangan urush ortidan G‘azoda zo‘ravonlik yanada kuchaygan. BMT Inson huquqi bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yil oktabr holatida G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusda 737 000 ga yaqin isroillik ko‘chmanchi yashagan. Xalqaro huquq bunday aholi manzillarini noqonuniy hisoblaydi. Yevropa Ittifoqi may oyida G‘arbiy sohildagi zo‘ravonlik ortidan ko‘plab isroillik ko‘chmanchilarga nisbatan yangi sanksiya joriy etgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA