Deputat hududdagi islohotlarni o‘rgandi
Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘z saylov okruglarida saylovchilar bilan uchrashib, hududdagi islohotlar bilan yaqindan tanishmoqda.
Jumladan, quyi palata deputati Azamat Pardayev Samarqand viloyatining Jomboy tumanida bo‘ldi. Deputat aholi bilan uchrashib, ularning murojaatlarini tinglandi. Shuningdek, hududda yangi qurilayotgan ta’lim va tibbiyot muassasalarida qurilish ishlarining borishi bilan qiziqdi.
– Eski Jomboy mahallasi tumanning og‘ir toifadagi hududlaridan biri hisoblanadi, – deydi A.Pardayev. – Joriy yilda mahallani kompleks rivojlantirish va “Yangi O‘zbekiston” qiyofasidagi mahallaga aylantirish maqsadida 5 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Ushbu mablag‘ hisobidan hudud infratuzilmasi yaxshilanib, aholi uchun bugungi kun talablariga mos sharoit yaratilmoqda. Mahalladagi qurilish-obodonlashtirish ishlari bilan tanishish davomida belgilangan vazifalarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi yuzasidan qurilishga mas’ullar bilan fikr almashdik.


Deputat Nayman mahallasidagi 20-poliklinika qurilishi bilan tanishish jarayonida yangi binoning aholi uchun har jihatdan qulay va funksional bo‘lishiga e’tibor qaratdi. Bu yerda aholining barcha qatlami erkin, to‘siqsiz kirib-chiqishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratish zarurligi ta’kidlandi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri