Samarqand tarixining arxeologik xaritasi italyan tilida yaratildi
Italiyaning Bolonya universiteti nashriyoti tomonidan taniqli o‘zbek arxeologi Amriddin Berdimurodov va italiyalik arxeolog Simone Mantellining “O‘rta Zarafshon vodiysining arxeologik xaritasi. 1-jild: Samarqand shahri” nomli fundamental asari chop etildi.
Mazkur kitob Samarqand shahri va vohasidagi arxeologik merosni hujjatlashtirishga bag‘ishlangan yirik ilmiy loyihaning birinchi jildi hisoblanadi. Asar oddiy xaritalar to‘plami emas. Unda ko‘p yillik arxiv izlanishlari, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va zamonaviy GIS texnologiyalari asosida to‘plangan keng qamrovli ma’lumotlar jamlangan. Kitobda Samarqand shahri hududidagi arxeologik va me’moriy yodgorliklar, tarixiy hamda madaniy ob’ektlar tizimli tarzda aks ettirilgan.

– Uch ming yillik tarixga ega Samarqand Zarafshon daryosi havzasida joylashgan, qadimdan Markaziy Osiyoning muhim tarixiy-madaniy shaharlaridan biri bo‘lib kelgan, – deydi Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti ilmiy xodimi Amriddin Berdimurodov. – Buyuk Ipak yo‘lining yirik chorrahalaridan biri bo‘lgan hududda turli sivilizatsiyalar, dinlar va madaniyatlar o‘zaro uchrashib, bir-birini boyitgan. Bu jarayonlar natijasida voha va shaharda ko‘plab arxeologik va me’moriy yodgorliklar, karvonsaroylar, qadimiy sug‘orish inshootlari hamda tarixiy manzillar shakllangan. Kitobda bu maskanlar haqida ma’lumotlar jamlangan va bu 2000-yildan buyon davom etib kelayotgan O‘rta Zarafshon vodiysi arxeologiyasi bo‘yicha O‘zbekiston va Italiya olimlarining hamkorligi mahsulidir. Tadqiqotlar davomida Samarqand vodiysidagi qadimiy aholi manzillari, sug‘orish tizimlari va tarixiy landshaftning rivojlanish bosqichlari o‘rganildi. Bu izlanishlar natijasida avval noma’lum bo‘lgan ko‘plab arxeologik yodgorliklar aniqlanib, ilmiy muomalaga kiritildi.
Kitobda yodgorliklarning joylashuvi, yaratilgan davri va hajmi kabi ma’lumotlarning aniq keltirilgani tadqiqotchilar bilan bir qatorda Samarqandning tarixiy merosiga qiziquvchi ziyoratchilar va sayyohlar uchun ham qulaylik yaratadi.
Nashrning yana bir muhim jihati shundaki, u Samarqand tarixiga kengroq nuqtai nazardan qarash imkonini beradi. Zero, tarix faqat hashamatli saroylar va ulug‘vor me’moriy obidalardan iborat emas. Oddiy dehqon uylari, qadimiy kanal o‘zanlari, karvonlarning ko‘milgan izlari va bugun deyarli unutilgan manzillar ham xalq o‘tmishining muhim qismidir.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri