Denis Istomin va Maksim Shin chempion bo‘lishiga bir qadam qoldi
Gruziyada tennis bo‘yicha erkaklar o‘rtasida M25 toifasiga kiruvchi “Kutaisi Open” xalqaro turnirida hamyurtimiz Denis Istomin Maksim Shin bilan birgalikda finalga yo‘l oldi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, ushbu musobaqaning juftlik bahslarida Denis Istomin va Maksim Shin tandemi yarim final bosqichida kiprlik Elefterios Neos va neytral tennischi Semen Pankin duetiga qarshi kortga chiqdi. Bahsda tennischilarimiz 6:4, 6:2 hisobida zafar quchgan holda final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Shu tariqa, bugun 18-may kuni Denis va Maksim mukofot jamg‘armasi 30 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi mazkur turnirning so‘nggi hal qiluvchi bosqichida neytral tennischi Yevgeniy Filippov va armanistonlik Daniil Sarksian bilan raqobatlashadi.
Darvoqe, musobaqaning yakkalik bellashuvlari yarim finalida mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Sergey Fomin Kiril Vandermershga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA