Eldor Shomurodov Turkiya Superligasida to‘purarga aylandi
Turkiya Superligasining 2025/26 yilgi mavsumi o‘z nihoyasiga yetdi. Chempionatning so‘nggi turi nafaqat jamoalar o‘rtasidagi keskin raqobat, balki o‘zbekistonlik futbolchilarning yorqin ishtiroklari bilan ham yodda qoldi. Ayniqsa, Eldor Shomurodov uchun bu mavsum faoliyatidagi eng muvaffaqiyatli yillardan biri sifatida tarixga kirdi.
So‘nggi turda "Istanbul Bashakshehir" safarda "Gaziantep"ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvda Shomurodov navbatdagi golini urgan bo‘lsa, hamyurtimiz Abbosbek Fayzullayev golli uzatma muallifi bo‘ldi. Shu tariqa, o‘zbekistonlik futbolchilar mavsumning hal qiluvchi pallasida ham jamoasiga muhim ochkolar keltirishda davom etdi.

Mavsum yakunlariga ko‘ra, Eldor Shomurodov 34 ta uchrashuvda 22 ta gol urib, Turkiya Superligasining eng yaxshi to‘purari degan sharafli unvonni qo‘lga kiritdi. Bu natija nafaqat uning individual mahorati, balki butun mavsum davomida namoyon etgan barqaror o‘yinining ham samarasi bo‘ldi. Ayniqsa, hujumchimiz chempionatning hal qiluvchi qismida yuqori sport formasiga chiqqanini statistika ham tasdiqlaydi — u so‘nggi olti uchrashuvda olti bor raqiblar darvozasini ishg‘ol qildi.

Shu bilan birga, Shomurodov “gol + assist” tizimida ham chempionatning eng samarali futbolchisi bo‘ldi. O‘zbekistonlik forvard hisobida 22 ta gol va 5 ta assist bor. Bu borada u Pol Onauchu, Anderson Taliska, Marko Asensio hamda Viktor Osimxen kabi mashhur hujumchilarni ortda qoldirdi.
Yakunda "Istanbul Bashakshehir" 57 ochko bilan chempionatni 5-pog‘onada yakunladi. Endi jamoaning yevrokuboklardagi ishtiroki "Trabzonspor" klubining mamlakat kubogi finalidagi natijasiga bog‘liq bo‘lib turibdi. Agar Trabzonspor g‘alaba qozonsa, Nuri Shahin boshchiligidagi jamoa Konferensiyalar ligasi yo‘llanmasiga ega chiqadi.

Eldor Shomurodovning bu yutug‘i o‘zbek futboli tarixida alohida ahamiyat kasb etadi. U Yevropa milliy chempionatlarida to‘purar bo‘lgan ikkinchi o‘zbek futbolchisi sifatida qayd etildi. Bundan avval bunday natijaga faqat Maksim Shatskix erishgan bo‘lib, u 2000 va 2003-yillarda Ukraina chempionati to‘purari bo‘lgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA