Chingiz Aytmatovning soʻnggi iqrorlari
Haftaning har shanba va yakshanba kunlari OʻzAda jahon adabiyotining buyuk vakili Chingiz Aytmatov va yapon mutafakkir-adibi Ikeda Daysakuning turli mavzulardagi suhbatini eʼtiboringizga havola etib boramiz. Suhbat Chingiz Aytmatovning “Buyuk ruh qasidasi” nomli kitobidan tarjima qilingan...
(Davomi. Oldingi qismi 7-avgustda eʼlon qilingan)
Aflotun deydiki...
Ikeda: – Suhbat! Aynan u bilan insonlar bir-biriga koʻngil yorishi, oʻzaro tushunishni mustahkamlashi va chuqurlashtirishi mumkin. Yuzma-yuz suhbat notoʻgʻri tushuncha va fikrlar qolipini oradan koʻtarib, ishonch hissini paydo qiladi. Yaxshi maʼlumki, Iso, Budda, Konfutsiylar oʻz taʼlimotlarini targʻib etishda muloqot shaklidan foydalanishgan, bizning davrimizga qadar saqlanib qolgan ularning koʻpgina pand-nasihatlari suhbat koʻrinishida ifodalangan. Biz taʼlimotiga ishonadigan buyuk avliyo Nitiren ham keng omma orasida buddaviylik dini olovini suhbat orqali yoqdi. Oʻsha davr hukmdorlarining maʼrifatli boʻlishiga hissa qoʻshgan “Davlatning shakllanishi va mustahkamlanishi toʻgʻrisida risola”sini ham suhbat shaklida yozgan. Doʻstimiz Norman Kazins aytadi: “Hech kim oʻlimdan qoʻrqmasligi kerak. Qoʻrqish kerak boʻlgan yagona narsa – bu oʻzingdagi ulugʻvor qudratni bilmay oʻlish. Bu oʻzga uchun hayotingni berishga tayyorlikda namoyon boʻluvchi erkin iroda kuchidir. Agar oʻz saʼy-harakatlarimiz bilan oʻzga insondan javob topa olsak, demak, aynan shu lahzada biz oʻz boqiyligimizga yaqinlashgan boʻlamiz”. Haqiqatdan ham ajoyib soʻz! Bunga ishonish meni dunyo boʻylab kezishga, koʻp yoʻlboshchilar va atoqli arboblar bilan uchrashib, suhbat qilishga undaydi. Ishonamanki, insonlarning koʻngliga yoʻl suhbat orqali oʻtgan – shu tariqa dunyo boʻylab odamlar hamjamiyati kengayadi. Muloqotdan bosh tortish, insoniyat tomonidan yaratilgan hamma narsaning inqiroziga sabab boʻlishi ehtimoldan xoli emas. Suhbat haqida sizning fikringiz qanday?
Ch.Aytmatov: – Umuman olganda, suhbat – koʻproq insonning atrof-olam bilan oʻzaro munosabatining universal shakli. Bu jonli fikr almashish jarayonida, oʻylaymanki, muloqot ishtirokchilari tinglay olish, sabr qilish, hurmat koʻrsatish, oʻzaro munosabatlarda murosaga tayyorlik kabi yagona qatʼiy shartga amal qilishlari kerak. Biroq men butunlay monologik ijtimoiy muhitda oʻsganman. Suhbat sovet sharoitiga begona edi. Toʻgʻridan toʻgʻri, maqsadga yoʻnaltirilgan monolog – asosan bu mafkura, ijtimoiy-siyosiy prinsiplar, proletar shiorlari, siyqa targʻibot iboralaridan iborat boʻlib, hukumat ochiq va aniq oʻz manfaati yoʻlida ishlab chiqqandi.Ijtimoiy suhbatlar, erkin soʻzlashish, ochiq fikr almashishlardagi soxta koʻtarinkilik qayta qurishning maʼnaviy gullab-yashnashiga ishora qildi. Ammo hayot shuni koʻrsatadiki, hamma narsada bugungi kunning oʻlchovi, muvozanati, dialektikasi boʻlishi kerak. Soʻzlashuv madaniyati baʼzan suhbatga oʻxshab ketuvchi urf bilan almashtiriladi. Shunga qaramay, suhbatning bu “bolalik kasalligi”, menimcha, soʻzlashuv madaniyatining yetuk shakliga keltiriladi. Va bu soʻz erkinligining yana bir muvaffaqiyatidir. Dunyo miqyosida umuminsoniy madaniyatning rivojlanishida, men Sharq va Gʻarb oʻrtasida, jahon sivilizatsiyasining ushbu ikki asosiy ibtidosida suhbat jonlanayotganini koʻryapman. Shu nuqtayi nazardan, Gʻarb va Sharqning dialektik birligini men umuminsoniy mavzuning tasavvur uygʻunligi deb xayol qilaman, Gʻarbning kuchini asosan tashqi dunyoni bilishdagi yutuqlari, Xudoni tashqi tomondan izlash bilan shugʻullanishda koʻrinsa, Sharqning noyob yutuqlari esa inson tub mazmunining kosmik mohiyatini bilish, hamisha Xudoni koʻnglining ichkarisidan izlashda chuqurlashish bilan belgilanadi. Bu ibtido menga dunyo madaniyatining eng oliy suhbati boʻlib tuyuladi.
Ikeda: – Aytganingizdek, Gʻarbda hammasi dunyoga hukmron Xudoning yashirin irodasi haqida fikr yuritishdan boshlandi, natijada tabiat qonunlarini kashf etishga, tabiat mexanizmini fosh etish uchun urinishlarga olib keldi. Bu esa fan rivojiga xizmat qildi. Yevropaliklar Sharqqa oʻzlari yashayotgan dunyodan farq qiluvchi boshqa bir dunyo sifatida qarashadi. Chunki Sharqda insonning ichki dunyosi Fazoning tashqi dunyosi bilan chambarchas bogʻlab qabul qilingan. Hamma narsaning asosiy manbai, hukmron tamoyil “qonun” (“drama”) hisoblangan.Boshqacha aytganda, agar Gʻarb, dunyoni obyekt sifatida koʻrib, shu bilan uni anglashga harakat qilgan boʻlsa, Sharq dunyo bilan birlashish orqali uni bilishga intildi. Dunyoning ifodalanish vositasi – soʻz. Biz bugun kuzatayotganimiz siyosat sohasida soʻzning inqirozi ayni lahzadan boshlandimi? Ha, ayni – siyosatning tanazzuli boshlangan lahzadan. Qadimda siyosat inson uchun eng muhim va ahamiyatli ish boʻlgan. Bu Aristotelning insonni taʼriflash uchun aytgan ushbu soʻzlarida ham aniq koʻzga tashlanadi: birinchidan, inson – bu siyosiy jonivor, ikkinchidan – soʻzlarni talaffuz qiladigan jonivor. Boshqacha aytganda, inson oʻzining tabiiy tugʻilgan joyida, yaʼni oila davrasida umr kechirarkan, u, mohiyatan hayvondan farq qilmaydi. Bu joydan uzoqlashgan zahoti, polis atalmish umumiylik shaklini olib, ijtimoiy faoliyat natijasida u shaxsga aylanadi. Qadimgi Yunoniston shaharlari siyosatida hammasini hukmronlik yoki zoʻravonlik emas, balki bahs-munozara natijasida erishilgan ishonch va rozilik hal qilgan. Siyosiy faoliyat kelib chiqishiga koʻra bahstalab faoliyatdir. Siyosat olamidagi soʻz, Inson ekaningizni isbotlovchi eng yorqin vosita boʻlib koʻrinadi. Aflotun siyosatga aralashish, siyosat bilan shugʻullanish va uni boshqarish huquqini faqat faylasufga bergani ham bejiz emas. Polis (bu bir kichik konglomerat) va zamonaviy ommabop jamiyat bir-biri bilan nafaqat koʻlami, balki sifati bilan ham sezilarli darajada farq qiladi. Bu yerda toʻgʻridan toʻgʻri taqqoslash notoʻgʻri. Ammo saltanatga ishtiyoq, pulga ehtirom hukmron zamonaviy olamda bir vaqtlar munozara va muloqotga burkangan nur chambar butkul soʻnib bitganday taassurot qoldiradi. Monologning suhbatga aylanish layoqati yoʻq (bu haqida aytib oʻtgandingiz), bu hodisa faqat burungi Sovet Ittifoqida boʻlgani kabi hukmron tuzumgagina xos emas. Bu undan, yaʼni, David Risman taʼrifiga koʻra «yakka olamon»dan liberal jamiyatning qayishqoq tuzumi ichiga ham kirib kelgan. Muloqotni jonlantirish – oson ish emas. Ammo qoʻl siltab qoʻyaversak, vaziyat battar ogʻirlashadi.
(Davomi bor)
Rus tilidan OYDINNISO tarjimasi