Chegaraoldi hudud aholisi uchun bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyati Uzun tumani chegaraoldi hududlarida aholini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng qamrovli tadbirlar o‘tkazildi. Unda ijtimoiy muammolarni o‘rganish, aholiga amaliy yordam ko‘rsatish va yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir doirasida Termiz harbiy gospitali shifokorlari ishtirokida mahalliy aholi uchun bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Terapevt, kardiolog, pediatr va boshqa mutaxassislar fuqarolar salomatligini tekshirib, zarur holatlarda davolanish bo‘yicha tavsiyalar berdi hamda qo‘shimcha tibbiy ko‘riklar tashkil etdi.
Shuningdek, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari va sektor mas’ullari ishtirokida sayyor qabul o‘tkazilib, aholining murojaat va takliflari tinglandi. Qator masalalar joyida hal etildi, qo‘shimcha o‘rganish talab qiladigan murojaatlar esa ijrosini ta’minlash uchun mas’ullarga biriktirildi.
[gallery-30339]
Kun davomida tashkil etilgan harbiy-vatanparvarlik festivali tadbirning eng yorqin qismi bo‘ldi. Harbiy orkestr ijrosidagi musiqiy chiqishlar, harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali mashqlari va san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturlari ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi. Festival yoshlarda Vatanga muhabbat, milliy g‘urur va harbiy xizmatga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.
Mazkur tadbirlar chegaraoldi hududlarda yashovchi aholini qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, davlat idoralari bilan ochiq muloqotni mustahkamlash hamda turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan ishlar samarasini yana bir bor namoyon etdi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA